Poraxo‘rlikda ayblanib, 12 yilga qamalgan Vladivostokning sobiq meri Oleg Gumenyuk koloniyada Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi urushga jo‘nab ketgan. Bu haqda 14 yanvar, yakshanba kuni sobiq merning advokati Aleksandr Kitayevga asoslanib, «Kommersant» gazetasi xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gumenyuk 22 dekabr kuni harbiy qismga yetib borishi kerak bo‘lgan buyruq olgan. Advokatning aytishicha, u sobiq amaldor hozir qayerda ekanligi haqida ma’lumotga ega emas, ammo Kitayevga ko‘ra, Gumenyuk «poligonlardan birida tayyorgarlikdan o‘tishi kerak». Shu bilan birga, Primore OAVda Gumenyukning harbiy formada boshqa harbiy xizmatchilar bilan birga qo‘lida qurol ushlab turgani aks etgan fotosurat paydo bo‘ldi.
Noyabrda Gumenyuk aviareysdan tushirilib, koloniyaga qaytarildi
O‘tgan yilning oxirida Rossiya OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Oleg Gumenyuk mudofaa vazirligi bilan Ukrainadagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagani, biroq u aviareysdan tushirilib, koloniyaga qaytgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgan edi.
Gumenyuk 2019 yilning aprelidan 2021 yilning mayigacha Vladivostok meri lavozimida ishlagan. 2023 yil yanvarida u 38 million rubl miqdoridagi poraxo‘rlikda aybdor deb topilib, 16 yarim yilga qattiq tartibli koloniyaga va 150 million rubl miqdorida jarimaga hukm qilindi. Apellyatsiyadan keyin muddat 12 yilga qisqartirildi. Gumenyuk o‘z aybini tan olmadi.









