Fransiyaning «Radikal so‘l partiya»si Marin Le Penning o‘ng qanot populist «Milliy birlashuv»ini «xorijiy kuch bilan maxfiy aloqalar» va «xorijiy kuchga ma’lumot uzatish»da ayblab, sudga berdi. Bu haqda 15 yanvar, dushanba kuni AFP xabar tarqatdi.
«Xorijiy kuch» deganda Rossiya nazarda tutilgan. «2014 yildan, «Milliy front» («Milliy birlashuv» 2018 yilgacha shunday nomlangan) Putinga yaqin tuzilmadan qarz olganidan beri partiya va uning rahbariyati korrupsiyaga uchragan hamda Fransiya va butun Yevropada Rossiya tashviqotini tarqatishga undagan», - deya ma’lum qildi «Radikal so‘l partiya».
Fransiyaning so‘l radikallari qator jurnalistik surishtiruvlarga tayanyapti. Xususan, dekabr oyida The Washington Post gazetasi Yevropa maxsus xizmatlaridan birining hujjatlariga tayanib, Kreml Fransiyada Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kamaytirishga va bu mamlakatda Rossiya Federatsiyasi bilan yaqinlashish tarafdorlari sonini ko‘paytirishga urinayotgani, fransuz axborot sohasidagi tashviqotni rag‘batlantirayotgani haqida yozgan edi. WP materialiga ko‘ra, bu borada Le Pen partiyasi muhim rol o‘ynashi kerak.
Fransuz o‘ng qanot populistlariga Rossiya krediti
«Milliy front» «Birinchi Chexiya-Rossiya banki»dan (BChRB) 2014 yil sentabrida, Qrimdagi voqealardan bir necha oy o‘tib kredit olgan, Le Pen buni qonuniy harakat deb atagan. 2016 yilda BChRB bankrot deb e’lon qilindi va Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki uning litsenziyasini bekor etdi. O‘shanda kreditga bo‘lgan huquqlar chet elda aviatexnikaga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan Rossiyaning «Aviazapchast» AJga o‘tdi.
O‘ng qanot populistlari kreditni 2019 yil sentabrigacha to‘lashi kerak edi, ammo Le Parisien gazetasiga ko‘ra, ular buning uchun pul topa olmadi. «Milliy birlashuv» (yangi nom ostida) faqat 2022 yil aprel oyidan boshlab kreditni to‘lashni boshladi. Endi fransuz matbuotiga ko‘ra, Le Pen partiyasi 2028 yilgacha har uch oyda o‘rtacha 322 ming yevro to‘lashi kerak bo‘ladi.
Le Penning partiyasi Kremlga aloqador deb ko‘riladi
2023 yil iyun oyida Fransiya parlamenti Tergov komissiyasining hisoboti e’lon qilindi, unda «Milliy birlashuv» Rossiya Federatsiyasining «uzatish kamari»ga aylanib, o‘z ritorikasida «ruscha formulalar»ni takrorlayotgani bildirilgan. Xususan, partiyaning Qrim haqidagi bayonotlari «Putin rasmiy formulalarini so‘zma-so‘z takrorladi», deyiladi hisobotda. Uning mualliflari, shuningdek, Marin Le Penning partiya raisligiga kelishi Rossiya bilan «mafkuraviy va siyosiy yaqinlashuv strategiyasini tezlashtirganini» ta’kidlagan.















