BMTning Haagada joylashgan Xalqaro sudi Isroil G‘azoda genotsid sodir etgani haqidagi ayblovlarni ko‘rib chiqa boshladi. Xo‘sh, Isroilni nega musulmon davlatlari emas, Janubiy Afrika Respublikasi sudga berdi? Bu qanday natija beradi? Netanyahu sud jarayonlariga jalb etilishi mumkinmi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovga yuzlandi.
— Xalqaro sudga nega bunday da’vo bilan birorta qudratli musulmon davlati emas, Janubiy Afrika Respublikasi arz qildi?
— Rostdan ham, bunday da’volar musulmon davlatlaridan kutilgan edi. 11 yanvarda sudda birinchi eshitishlar boshlandi. Nega aynan JAR? Bu davlat bundan ancha ilgari – 30-40 yillar oldin Falastin bilan birga ekanini bildirgan va shundan beri shu pozitsiyada turibdi. JARda xuddi shunday muammolar bo‘lgan: Yevropadan ko‘chib kelganlar mahalliy aholini siqib chiqarishga uringan, irqiy kamsitgan, shu ma’noda bu dard ularga begona emas.
Bundan tashqari, geosiyosiy sabablar ham bor. Bugun xalqaro munosabatlarda global janub va kollektiv g‘arb kabi tushunchalar shakllanmoqda. JAR esa global janub vakili, shuning uchun ham BRIKSga a’zo, AQSh va G‘arb davlatlariga balans bo‘loladigan tashkilotlar a’zosi. Shu nuqtayi nazardan Isroilni qo‘llovchi davlatlarga e’tiroz sifatida ham bu ishni qildi. Yana bir narsa. Bu ish bilan JARning hamkorlari bo‘lmish Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga yaqinlashishni bildiradi. Uchta sababni keltirdik, lekin baribir eng asosiysi – birinchi sabab.
— Sud jarayoniga Isroil bosh vaziri Netanyahu ham jalb etilishi ehtimoli bormi?
— Oldin sud masalasiga oydinlik kiritsak. Haagada 2 ta sud bor: Xalqaro jinoyat sudi (asosi – Rim statuti) va BMTning Xalqaro sudi. Hozirgi bo‘layotgan sud jinoyat sudida emas, BMTning xalqaro sudida ko‘rilyapti. Bu sudning qarorlari ko‘proq deklarativ xususiyatga ega, chora ko‘rish, amal qilish mexanizmlari to‘liq ishlamaydi. Qaysidir jarayonga ta’sir qilish, sanksiyalar joriy etish kabilarda xizmat qilishi mumkin, lekin ijro masalasida ancha muammolar bor.
Birinchidan, hali Netanyahuga nisbatan qaror chiqqani yo‘q. Ikkinchidan, agar shaxsan unga nisbatan Xalqaro jinoyat sudiga da’vo kiritilgan taqdirda ham, Rim paktini ratifikatsiya qilgan va qilmagan davlatlar bor. Qabul qilmagan davlatlar uchun bu sud hukmlari majburiy emas.
O‘ylaymanki, Netanyahuning majburan olib kelib sud qilinishi ehtimoli juda past. Chunki bugungi kunda xalqaro huquq ko‘proq kuch omiliga tayanyapti. Kimning qo‘lida iqtisodiy, harbiy kuch bo‘lsa, o‘shaning gapi o‘tyapti. Shuning uchun kuchli bo‘lmagan davlatlarga qiyin, huquqini talab qilishi mumkin, lekin amalga oshirish mexanizmlari ishlamaydi. Shu nuqtayi nazardan ham bu sud real holatda javobgarlikka tortadi deb o‘ylamayman.















