O‘tgan hafta davomida Yevropada qishki transferlar oynasida faollashuv kuzatildi. Klublar kelishuvlarga erishib, mavsumning birinchi qismida yuzaga kelgan muammolarni hal qilishmoqda. Quyida so‘nggi kunlarda e’lon qilingan asosiy transferlar keltiriladi.
Muhammad-Ali Sho: «Real Sosiyedad» → «Nitssa» (10 mln yevro)

19 yoshli fransuz forvardi «Sosiyedad»ning asosiy tarkibidan joy ololmadi. Sho joriy mavsumda 17 o‘yinda ishtirok etdi (ammo jami 484 daqiqa maydonda bo‘ldi), birorta gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi. U basklar safidagi jami 40 o‘yinida atigi ikki bor gol urgan. «Sosiyedad» Muhammad-Alini ijaraga berishni istamad va uni «Nitssa»ga yaxshigina narx evaziga pulladi. Yosh hujumchi o‘z vatanida yaxshiroq o‘ynab ketadimi?
Filippo Terrachchano: «Verona» → «Milan» (4,5 mln yevro)

«Milan» mavsumni u qadar kuchli o‘tkazmayapti. A Seriyada jamoa uchlikda bormoqda, ammo «Inter» hamda «Yuventus»ning oltin uchun raqobatiga qo‘shila olmayapti. «Rossonerilar» Italiya kubogini ham tark etishdi, Chempionlar ligasida esa guruhda uchinchi o‘rinni egallashdi. Jamoadagi muammolardan biri — zaxira o‘rindig‘i keng emasligida: yetakchilardan kimdir safdan chiqsa, «Milan» o‘yinida pasayish yuzaga kelmoqda. «Verona»dan himoyachi Filippo Terrachchanoning sotib olinishi — vaziyatni o‘nglash uchun tashlangan qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu futbolchi o‘ng qanotda ham, markazda ham va hatto yarimhimoyada ham o‘ynashga tayyor. Umuman olganda, Pioli u qadar katta bo‘lmagan mablag‘ evaziga universal futbolchiga ega bo‘ldi. Terrachchano bilan shartnoma 2028 yil yoziga qadar imzolangan. Filippo «Milan»ga moslashib ketish uchun yetarlicha vaqt bo‘ladi.
Malik Fofana: «Gent» → «Lion» (17 mln yevro)

«Lion»da kelajak uchun navbatdagi transfer. Klub 18 yoshli vinger Malik Fofana bilan shartnoma imzoladi. Uning transferi uchun «Gent»ga — 17 mln yevro to‘landi. Shuningdek, klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, ma’lum shartlar bajarilganda, bonuslar to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Joriy mavsumda Fofana «Gent» uchun barcha turnirlar doirasida 31 uchrashuvda maydonga tushib, to‘rt gol urgan va besh golga uzatma bergan. «Lion» ichki chempionatda 16-o‘rinda bormoqda, jamoada vaziyat juda yomon. Yangi futbolchi «Lion»ga inqirozdan chiqishga yordam bera oladimi?























