Jahon | 10:15 / 18.01.2024
7378
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniy Rossiyaga qaytishi sabablari haqida post e’lon qildi

Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytib kelib, aeroportda qo‘lga olinganining uch yilligi munosabati bilan hech qanday yashirin rejasi yo‘qligini, o‘z mamlakati va o‘z e’tiqodi borligini, undan voz kechmasligini aytdi.

Foto: Facebook / navalny

Qutb doirasidan tashqaridagi koloniyada ko‘p yillik qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Germaniyadan Rossiyaga qaytganining uch yilligi munosabati bilan bayonot berdi. 17 yanvar, chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan postida u Rossiyaga uch yil avval nima sababdan qaytganini tushuntirdi.

«Rossiya siyosati so‘nggi o‘n yilliklarda jamiyatga bema’nilik va fitna nazariyalarini shu qadar singdirdiki, odamlar oddiy motivlarga ham ishonmay qo‘ydi. Masalan, qaytib kelish kimdir bilan kelishuvga erishilganini anglatadi yoki Kreml minoralarini o‘z ichiga olgan qandaydir ayyor reja bor», — deb yozadi u va qaytishi uchun hech qanday yashirin sxemalar bo‘lmaganini ta’kidladi. 

«Men o‘tirishni yoqtirmayman, lekin e’tiqodimdan voz kechmayman»

Navalniy o‘z yurti va o‘z e’tiqodi borligini, undan voz kechishni istamasligini ta’kidladi: «Men birinchisiga ham, ikkinchisiga ham xiyonat qila olmayman, agar sizning e’tiqodingiz qadrli bo‘lsa, uni himoya qilishga tayyor bo‘lishingiz kerak. Va agar kerak bo‘lsa, qurbonlik qilish lozim», deb yozgan u. Unga ko‘ra, qaytib kelgach, saylovchilarga bergan va’dalarini bajargan. «Shunday bo‘ldiki, hozir Rossiyada o‘z e’tiqodlarimni yashirmaslik huquqiga ega bo‘lish uchun men bir kishilik kamerada o‘tirishga majburman. Albatta, qamoqxonada bo‘lishni yoqtirmayman. Lekin g‘oyalarim, vatanimni rad eta olmayman», - deydi muxolifatchi. 

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, hozirgi davlat yolg‘on ustiga qurilgan, hokimiyatda esa «marginal odamlar» o‘tiribdi. «Ular, umuman olganda, hech qanday g‘oyalarga ega emas. Ularning yagona maqsadi - o‘z o‘rnida qolish. Mukammallikka olib kelingan ikkiyuzlamachilik ularga har qanday vaziyatdan chiqishga imkon beradi», deb hisoblaydi u. Muxolifatchi Rossiyaning hozirgi davlati oyoqda qat’iy turganiga shubha bildirdi. «Bir kun kelib uning ahvolini ko‘ramiz», deb ishonch bildirdi u. Navalniy, shuningdek, «hokimiyatdagi odamlar o‘zgarishi kerak»ligi, adolatli va erkin saylovlar hokimiyatni tanlashning eng yaxshi usuli ekanini ta’kidladi. «Hammaga adolatli sud kerak. Korrupsiya davlatni vayron qiladi. Senzura bo‘lmasligi kerak. Kelajak shu tamoyillar asosida qurilishi shart», - deydi u. 

Rossiyada Navalniyning jinoiy ta’qib etilishi

Aleksey Navalniy 2021 yilning yanvarida Germaniyadan Rossiyaga qaytganidan so‘ng darhol qo‘lga olingan, u yerda «Novichok» sinfidagi modda bilan zaharlanib, davolanish va reabilitatsiyadan o‘tayotgan edi. Keyin u aybdor deb topilib, 2 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi. 2022 yil mart oyida Navalniy firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga (jinoyatlar birikmasi uchun) jo‘natilgan edi.

2023 yil avgustida Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan «ekstremistik hamjamiyat»ni tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyaga 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiylarga ko‘ra, bunday jamoa u tomonidan asos solingan FBK edi. Yamal-Nenets avtonom okrugidagi koloniyaga ko‘chirilishidan oldin, Aleksey Navalniy Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi IK-6 da bo‘lgan. Dekabr oyi boshida Navalniyning tarafdorlari deyarli uch hafta davomida u bilan aloqaga chiqa olmadi. 2024 yil 9 yanvar kuni Navalniy ijtimoiy tarmoqlarda Yamal koloniyasidagi jazo kamerasida ekanligi haqida xabar e’lon qildi. 

Mavzuga oid