
O‘zbekistonda huquq organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida jamoatchilik vakillari – jurnalistlar va blogerlar ishtirokida muhokama qilindi.
Bu muhokama tafsilotlari OAVda e’lon qilingach, qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining keskin tanqidiga uchradi. Kun.uz ularning ayrimlarini jamladi.
“Bunday qonun chiqqandan keyin xalq chindan xam ichki ishlar xodimlariga ishonmay qo‘yadi. Millat kelajagiga achindim”, deya yozgan foydalanuvchilardan biri.
Farhod Matnazarov ismli foydalanuvchi esa mazkur qonun qabul qilinishiga qarshiligini bildirib, bu bilimsizlik ekanini ta’kidlagan.
“Obro‘ni saqlash uchun qonun chiqarishdan ko‘ra, obro‘ni oshiradigan amallarini ko‘paytirish uchun qonun zarur” – Samandar Qurbonov.
“Hech qachon bunaqa qonun qabul qilinmasligi kerak! Ochiqlikka ochiqchasiga tahdid bu” – Fozilbek Oripov.
“Men IIBdan pensiyaga chiqqanman. Agar bu qonun qabul qilinsa, fuqarolarning ko‘pchiligi o‘lib ketadi. Men qarshiman” – Akrom Ochilov.
“Qonunni zo‘r berib himoya qilayotganlar, vaqti kelib jiddiy xato qilganlaringizni ko‘rasizlar. Bu qonun bilan o‘z yaqinlaringizga ham adolatsizlik qilinadi. Ichki ishlar organlari xodimlari jabrlanuvchi bo‘lgani holda ish bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qilishi yanada jiddiy xato bo‘lyapti. Prokuratura nazoratni taminlaydi deb ishonish ahmoqlik” – Sodiqjon Berdialiyev.
















