Pokistonning hujumi seshanba kuni Eron tomonidan yo‘llangan raketa zarbalariga javob bo‘ldi. O‘sha kuni Eron Iroq va Suriyada ham qator nishonlarga zarba bergandi.

Eron televideniyesi xabar berishicha, payshanba kungi zarba oqibatida ikki erkak, uch ayol va to‘rt bola halok bo‘lgan.

Eron va Pokiston o‘rtasida raketa zarbalari almashinuvi Yaqin Sharqdagi umumiy keskinlik kuchayishi fonida ro‘y bermoqda.

Isroil G‘azo sektorida HAMASga qarshi amaliyotini davom ettirmoqda va o‘zining shimoliy chegaralariga Livandagi «Hizbulloh» tomonidan qilingan hujumlarni qaytarmoqda.

Bu vaqtda Iroq va Suriyadagi eronparast guruhlar ushbu mamlakatlarga joylashtirilgan amerikalik harbiylarga hujum qilmoqda. AQSh va Buyuk Britaniya esa Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda Qizil dengizdagi xalqaro savdo yo‘llarini xavf ostida qoldirgan husiychilarga zarbalar yo‘llamoqda.

Eron va Pokiston azaldan bir-birini ikki mamlakat chegarasi atrofida harakat qiluvchi radikal guruhlarga boshpana berishda ayblab keladi.

Payshanba kuni Pokiston TIV rahbari Eron hududi o‘qqa tutilganini tasdiqladi. Vazirlikka ko‘ra, mamlakat hukumati Eronda yashiringan, kelib chiqishiga ko‘ra «pokistonlik jangarilar tomonidan Pokistonda keng ko‘lamli terrorchilik amaliyoti rejalashtirilgani haqida ishonchli ma’lumot»ga asoslangan holda harakat qilgan.

Shu bilan birga, Islomobod zarbalar zarbalar faqat terrorchilarga qarshi qaratilgani va aniq yo‘llangani, Pokiston hukumati «Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi» qayd etilgan.

Pokiston qo‘mondonligi zarbalar dronlar va katta masofaga harakatlanuvchi raketalar orqali yo‘llanganini bildirgan.

Zarbalar nishoni Belujiston ozodlik armiyasi hamda Belujiston ozodligi fronti guruhlari bo‘lgan — bular Pokiston va boshqa qator mamlakatlarda terrorchi deb tan olingan tashkilotlar hisoblanadi. Bu guruhlar bir necha o‘n yillardan buyon Pokistonning janubi-g‘arbidagi Belujiston viloyatiga muxtoriyat berilishi uchun kurashib keladi.

Eronning raketa zarbasidan keyin Pokistonning ko‘plab shaharlarida Eronga qarshi namoyishlar o‘tkazilgandi. Foto: AFP