To‘laqonli g‘alaba deganda Netanyahu HAMAS harakati yo‘q qilinishi va garovdagi isroilliklar qaytarilishini nazarda tutgan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu operatsiya yana bir necha oy davom etishi mumkin.

HAMAS tomonidan boshqariladigan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida allaqachon 25 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan va aholining deyarli 85 foizi o‘z uyini tark etgan. Shu sababli, dunyoning ko‘plab yetakchilari Isroilni hujumlarini kamaytirish va urushni tugatish, mintaqani barqarorlashtirish uchun muzokaralarni boshlashga undashga harakat qilmoqda.

AQSh va Isroilning boshqa ittifoqchilari, shuningdek, uning ko‘plab muxoliflari kelajakdagi Falastin davlati Isroil davlati bilan birga yashashi mumkin bo‘lgan «ikki davlat konsepsiyasi»ni qayta tiklashga chaqirmoqda.

18 yanvar kuni Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi 1967 yil chegaralari ichida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati bo‘lmasa, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikka erishilmasligini aytdi.

Ko‘pgina jahon yetakchilari hozirgi inqiroz urushayotgan tomonlarni cheksiz zo‘ravonliklarga yagona muqobil variant sifatida diplomatiyaga qaytishga majbur etishiga umid qilmoqda. Ammo Netanyahuning so‘nggi so‘zlariga qaraganda, u butunlay qarama-qarshi niyatlarga ega.

Isroil bosh vazirining so‘nggi bayonotlarini sharhlar ekan, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi AQSh va Isroilning vaziyatga nisbatan qarashlari mutlaqo boshqacha ekanini tan oldi.

«Biz buni boshqacha ko‘ramiz. Biz falastinliklar mustaqil davlatda, tinchlik va xavfsizlikda yashashga to‘liq haqli, deb hisoblaymiz», dedi Kirbi.

18 yanvar kuni Netanyahu Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilida, ya’ni kelajakdagi Falastin davlati hududi bo‘ylab xavfsizlikni nazorat qilishi kerakligini aytdi.

«Bu zarur shart va u (Falastin) suvereniteti g‘oyasiga zid keladi. Nima qilish kerak? Men bu haqiqatni amerikalik do‘stlarimizga aytaman. Bosh vazir do‘stlarga «yo‘q» deyishga qodir bo‘lishi kerak. Shuningdek, men Isroil xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan haqiqatni zimmamizga yuklashga bo‘lgan urinishlarni to‘xtatdim», dedi Netanyahu.

Netanyahu o‘z siyosiy faoliyatining ko‘p qismida Falastin davlati g‘oyasiga faol qarshi chiqqan. Avvalroq, Isroil bosh vaziri uning yaratilishiga to‘sqinlik qilganidan qanchalik g‘ururlanishini ta’kidladi.