O‘zbekiston | 14:42 / 20.01.2024
2313
2 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO bosh assambleyasining 43-sessiyasi 2025 yilda Samarqandda o‘tkaziladi

Shvetsiyaning Cawa Media axborot agentligi va Diplomatic World Sweden veb-saytida YuNeSKO bosh assambleyasining 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishiga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

«YuNeSKO bosh assambleyasi 40 yildan keyin birinchi marta Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tadi, - deb yozgan manbalar. – YuNeSKO bosh assambleyasining navbatdagi, 43-sessiyasi 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Navbatdagi 43-sessiyaning 2025 yilda Samarqandda o‘tkazilishi YuNeSKOning Parijdagi bosh assambleyasida ham rasman tasdiqlandi. Dunyoning sayyohlik poytaxti – Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ushbu muhim voqeani o‘tkazib yubormang».

Qayd etilganidek, Fransiya poytaxtida bosh assambleyaning 42-sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar O‘zbekistonning navbatdagi 43-sessiyani 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi va tegishli rezolyutsiyani qabul qildi.

Shvetsiya OAVga ko‘ra, YuNeSKO bosh assambleyasining majlisi oxirgi marta Parijdan tashqarida 1985 yilda Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan.

1945 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Parijda joylashgan YuNeSKO BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti bo‘lib, bugungi kunda unga jami 193 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo. O‘zbekiston 1993 yil 26 oktyabrda YuNeSKOga a’zo bo‘ldi.

«Qadimiy Samarqand shahri bir necha mezonlarga ko‘ra, YuNeSKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Jumladan, ushbu qadim kentdagi ajoyib me’moriy inshootlar - Registon maydoni va Bibixonim masjidi, shuningdek, Samarqandning 12-asrdan 21-asrgacha bo‘lgan tarixiy landshaftlari hozirgi kunga qadar ajoyib holda yetib kelgan», - deb yozgan Cawa Media va Diplomatic World Sweden.

Mavzuga oid