So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan kun dayjestida tanishtiramiz.
Falastindagi vaziyat
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni zamonaviy fyurer deb atab, g‘arbning ikkiyuzlamachiligiga ishora qildi
«Ular zamonaviy fyurer Netanyahu va uning jamoasining Falastin xalqiga nisbatan qon va adovatga yo‘g‘rilgan, genotsidga teng vahshiyligiga indamasdan qarab turishibdi», — degan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning aytishicha, «inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan doim pand-nasihat qilib keladiganlar 105 kundan buyon go‘daklar, bolalar va ayollarning o‘ldirishini ko‘rib ko‘rmaslikka olishmoqda».
BMT ham Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga nisbatan xalqaro suddagi da’vo arizasini qo‘lladi. BMTning Falastin masalasi bo‘yicha maxsus dokladchisi Francheska Albaneze G‘azoda genotsid amalga oshirilayotgani ehtimoli juda kattaligini ta’kidlagan.
«Men JARning dastlabki choralar ko‘rish to‘g‘risidagi arizasini qat’iy qo‘llab-quvvatlayman, chunki G‘azoda genotsid amalga oshirilayotgani ehtimoli katta, deb hisoblayman. Uch oylik bombalashlar oqibatlariga qarang. Aholi zich joylashgan hududlarda qo‘llanishi taqiqlangan qurollardan ham foydalanilgan», – degan Albaneze.
Qizil dengizdagi vaziyat
Husiychilar Isroil bilan bog‘liq bo‘lmagan kemalarga hujum qilmaslikni va’da qilishdi. «Ansuorulloh» vakili Muhammad al Buhaytiy Yaman atrofidagi suvlar ma’lum bir davlatlar, jumladan Isroil bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa davlatlarning kemalari uchun xavfsizligini aytdi.
«Qolgan davlatlar, jumladan, Rossiya va Xitoy kemalari uchun mintaqada hech qanday tahdid yo‘q. Biz ularning kemalari Qizil dengizdan eson-omon o‘tib olishini ta’minlaymiz, chunki kemachilik mamlakatimiz uchun katta ahamiyatga ega», — degan husiychilar vakili.
Bunaqa tahdidlardan so‘ng jahondagi sug‘urta kompaniyalari Qizil dengiz orqali suzuvchi AQSh, Britaniya va Isroil kemalarini sug‘urtalashdan bosh tortmoqda.
Nufuzli Marsh sug‘urta kompaniyasi vakili Markus Beykerning so‘zlariga ko‘ra, sug‘urtachilar nafaqat Vashington, London va Tel-Avivga to‘g‘ridan tug‘ri tegishli bo‘lgan, hattoki biroz aloqasi bo‘lgan kemalarni ham sug‘urtalashni rad etishmoqda. Qizil dengizdagi taranglik tufayli sug‘urta narxlari ham keskin, 10 martaga oshgan. U so‘nggi 10 yil ichida ilk marta yuk ortgan kema qiymatining 0,1 foizidan 1 foizigacha ko‘tarilgan. Masalan, 100 mln dollarlik yuk ortib ketayotgan kema 1 mln dollar sug‘urta badali to‘lashi kerak.















