Ukrainada urushning 696-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya 2024 yil yozida Ukraina navbatdagi keng ko‘lamli hujum uyushtirishni rejalashtirmoqda, bu haqda ukrainalik mulozimlarga tayanib Financial Times xabar bergan.
  • Prokuror «voyenkor» Vladlen Tatarskiyning o‘limida ayblangan Darya Trepova uchun 28 yil qamoq jazosi so‘radi.
  • «Ko‘pincha bu mojaro muzlatilishiga olib keladi». Zelenskiyning ofisi rahbari Ukraina qo‘shini mudofaaga o‘tishiga qarshi.
  • Slovakiya Rossiya va Belarus bilan madaniy hamkorlikka qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, bunday taqiq Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganida, oldingi hukumat tomonidan joriy etilgandi.
  • Safarbar etilganlarning turmush o‘rtoqlari Putinning saylovoldi shtabiga kelishdi va u qachon demobilizatsiya to‘g‘risidagi farmonini imzolashini so‘rashdi. Qabulxona xodimi esa urushga faqat ko‘ngillilar ketgani, borishni istamaganlar mamlakatni tark etganini aytgan.
  • Kamchatkada sud Ukrainada jang qilishdan bosh tortgan shartnoma asosida xizmat qiluvchi yetti harbiyni koloniyaga yubordi.
  • «Kommersant» xabariga ko‘ra, Rossiyada sud ilk bor Ukrainadagi urush ishtirokchisi bo‘lgan va o‘z quroldoshini o‘ldirgan shaxsni oqladi.
  • Armiya to‘g‘risidagi «feyk» va boshqa qator jinoiy moddalar bo‘yicha ayblanganlarning mol-mulkini musodara qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Davlat dumasi ko‘rib chiqishi uchun 22 yanvar kuni kiritiladi.
  • Amerika va g‘arbdagi boshqa mamlakatlarning razvedka xizmatlari hisoblashicha, Ukrainadagi urush kamida yana ikki yil davom etadi.
  • NATO harbiy qo‘mitasi rahbari alyans mamlakatlarini kelgusi 20 yillik ichida Rossiya bilan urush chiqishiga tayyor bo‘lishga chaqirgan.
  • Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiya bilan chegarada «mudofaa liniyasi» qurishga kelishib oldi.

Kun kadri. Kramatorsk bozorida bombapanagoh

Donetsk oblastida front bo‘yidagi Kramatorsk shahri — muhim transport tuguni hisoblanadi. Ukraina QK jangchilari yaqinlari bilan ko‘rishish uchun front chizig‘idan shu yerga kelishadi.

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga qadar Kramatorskda 250 ming atrofida odam yashagan. 2022 yil yozida evakuatsiya boshlangach, shahar aholisi 50 minggacha qisqardi, ammo keyin yana asta-sekin osha boshladi. Harbiylar va ularning qarindoshlari to‘planishi tufayli Kramatorskda savdo rivojlanmoqda va qahvaxonalar ochilmoqda, deb yozgan Ukrainadagi Liga.net nashri 2023 yil noyabrda.