Jahon | 12:02 / 22.01.2024
8256
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hujumni qaytarish uchun «Surovikin chizig‘i»ni qurmoqda

Ukraina qurolli kuchlarining yangi mudofaasi xandaqlar, tank tuzoqlari va tayanch nuqtalardan iborat Rossiyaning «Surovikin chizig‘iga» o‘xshaydi, deb yozadi The Telegraph.

Foto: Gleb Garanich/REUTERS

Ukraina qurolli kuchlari (UQK) rus qo‘shinlari hujumini qaytarish uchun o‘zining «Surovikin chizig‘i»ni qurmoqda, deb yozadi Britaniyaning The Telegraph gazetasi 20 yanvar kuni. Nashrga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatsiz qarshi hujumidan so‘ng front muhim qismlarida yangi istehkomlar paydo bo‘la boshlagan. Ular orasida xandaqlar, tankka qarshi betonli «ajdar tishlari» va yerosti qo‘mondonlik punktlari bor. Hudud faol ravishda minalashtirilyapti.

Noyabr oyi oxirida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «barcha asosiy yo‘nalishlar» bo‘yicha istehkomlar qurilishini tezlashtirishni buyurgan edi. Shundan so‘ng, The Telegraph yozishicha, Donetsk viloyatidagi Liman va Avdiyivka hududlarida, shuningdek, qo‘shni Xarkiv viloyatidagi Kupyansk yaqinida istehkomlar qurilishi avj oldi. Bundan tashqari, Ukrainaning Rossiya va Belarus bilan chegarasida istehkomlar barpo etilmoqda. 

Ukrainaning «faol mudofaa» strategiyasi

«Yangi mudofaa inshootlari Surovikin chizig‘ini juda eslatadi – uch darajali xandaqlar, tank tuzoqlari va tayanch nuqtalari tizimi. Ulardan Rossiya Ukrainaning qarshi hujumini to‘xtatish uchun muvaffaqiyatli foydalangan», — deyiladi materialda.

Biroq, gap Rossiya qurgan bir xil darajada murakkab va kuchli istehkomlar haqida ketmayapti, chunki Ukraina qurolli kuchlari istehkomlarni himoya qilish va hujum operatsiyalarini birlashtirgan holda «faol mudofaa» o‘tkazish niyatida. Nashr ta’kidlashicha, shunga o‘xshash strategiya avval ham qo‘llangan, xususan, uning yordamida Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida Xarkiv viloyatining muhim qismini ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid