— Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri: “Mintaqa, falastinliklar va Isroil uchun ancha yaxshi kelajak sari yo‘l bor, bu tinchlikdir va biz bunga to‘liq sodiqmiz”, dedi. Bu Saudiya Arabistoni mustaqil Falastin davlati tuzilishi evaziga Isroilni tan olishini bildiradimi? Isroil bunga rozi bo‘ladimi?
— Saudiya uzoq vaqtdan beri mintaqadagi barqarorlik uchun harakat qilyapti. Xuddi shu ma’noda Isroil bilan ham munosabatlarni yaxshilashga urinayotgan edi. Saudiya tashqi ishlar vaziri aniq aytdiki, Falastin davlati tashkil topishi va falastinliklar tinchligi kafolati evaziga Isroil tan olishi mumkinligini bildirdi.
Yaqin Sharqdagi beqarorlik masalasi yuzasidan Saudiya o‘z xavotirlarini bildiryapti, bunga asoslari bor. 2016 yildan beri Saudiya iqtisodiy barqarorlashish, iqtisodning neftga bog‘liq bo‘lmagan sektorlarini ko‘paytirish, sayyohlar oqimini jalb qilish, savdo yo‘llaridan foydalanish bo‘yicha ishlab kelyapti. G‘azodagi, Qizil dengizdagi bo‘layotgan ishlar uning qilgan ishlari, rejalariga xavf solmoqda.
2020 yildagi Ibrohim kelishuvlariga ko‘ra, BAA, Bahrayn va bir qator arab davlatlari Isroilni tan olib, savdo aloqalari o‘rnatgan edi, bundan zarar ko‘rishgani yo‘q. Saudiya ham iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan bu hamkorlikka kirishmoqchi. Umuman, Saudiya mintaqadagi barqarorlikni istaydi, faqat bunga Falastin mustaqilligi evaziga erishmoqchi.
— 18 yanvar kuni Netanyahu Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilida, ya’ni Falastin davlati hududi bo‘ylab xavfsizlikni nazorat qilishi kerakligini aytdi. Bu bilan Isroil defakto mustaqil Falastin davlati masalasini rad etyaptimi?
— Netanyahu hukumatiga kelganining ilk kunlaridayoq ikki davlat g‘oyasini rad etib keladi. Netanyahu umumiy Falastin davlatining birlashishini Isroil uchun xavf sifatida ko‘radi. Falastin davlati tashkil topishi Isroilni bosqichma-bosqich yo‘q qilish bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shu qarashdan tashqari hech bir masalani muhokama qilmoqchi ham emas.
AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha strategiyasida o‘zgarishlar deyarli yo‘q. Uning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini Isroil, Turkiya, Misr, Saudiya belgilab beradi. Hozirda bu to‘rtta davlat bilan AQSh munosabatlari eng boshida qanday strategik maqsadlarda bo‘lsa, hozir ham shunday. Masalan, Isroilni davlat sifatida qo‘llashni aytgan, hozir ham shu pozitsiyada. Ammo Isroilda AQShga nisbatan strategiya o‘zgarib boryapti. AQSh birinchi otashkesimdan so‘ng ikki mustaqil davlat g‘oyasini ilgari suryapti. AQSh Isroilga urushni to‘xtatishni emas, shiddatini pasaytirishni talab qilib qo‘yyapti.
















