Ukrainada urushning 698-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar
- IIV ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot boshlanganidan buyon» harbiy komissariatlarga o‘t qo‘yish va temiryo‘llardagi diversiyalar bilan bog‘liq 400 dan ortiq holat qayd etilgan.
- Volodimir Zelenskiy Rossiyaning «tarixdan ukrainlar yashab kelgan» hududlari to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.
- Davlat dumasiga Rossiya armiyasi to‘g‘risidagi «feyk» uchun mol-mulkni musodar qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. U «RF xavfsizligiga qarshi jinoiy faoliyatni moliyalashtirish uchun foydalanilgan yoki mo‘ljallangan pullarni, qimmatbaho buyumlarni yoki boshqa mol-mulklarni musodara qilishga ruxsat beradi».
- The Wall Street Journal nashri aniqlashicha, Yevroittifoq Ukrainaga yordam uchun 20 milliard yevrolik yangi jamg‘arma tuzishni rejalashtirmoqda.
- Zelenskiy Oliy radaga qo‘shfuqarolik to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi. Bu Rossiya fuqarolariga taalluqli bo‘lmaydi.
- Davlat dumasi deputati Andrey Lugovoy xabar qilishicha, Bosh prokuratura uning so‘roviga ko‘ra, «Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi»ni «istalmagan tashkilot» deb topgan.
Xarkiv o‘qqa tutilishi
23 yanvar tongida Rossiya qo‘shini Ukrainaning Kiyev, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘lladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan besh kishi halok bo‘lib, 50 kishi jarohatlangan.
Hujumdan ayniqsa Xarkiv jiddiy jabr ko‘rgan. Bu yerda uch kishi halok bo‘lib, 35 kishi jarohat olgan, ulardan ikki nafari bolalar. Shaharda ko‘p kvartirali turar joy shikastlangan, uning pod’yezdlaridan biri butkul qulagan, shuningdek, xususiy uy, o‘quv binosi va boshqa infratuzilma obektlari shikastlangan, avtomobillar yakson bo‘lgan.

Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA
Kramatorsk o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 22 yanvar kuni Donetsk oblastida Ukraina QK nazorati ostida bo‘lgan Kramatorsk shahrini o‘qqa tutdi. Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati bir kishi halok bo‘lib, yana ikki kishi yaralangani haqida xabar qilgan: 49 yoshli erkak halok bo‘lgan, uning yonida bo‘lgan 31 yoshli qizi omon qolgan. Yettita ko‘p qavatli uy, uchta korxlona binosi va yana shuncha ijtimoiy infratuzilma obektlari shikastlangan.


























