Daryo o‘zanlarida noqonuniy qazilma ishlari olib borilgani, joylardagi betartib tozalanishlar sabab tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Holatlar ortidan jami 58 ta jinoyat ishi ochildi. Achinarlisi, joylardagi bu daryolar nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki odamlarni ichimlik suv bilan ta’minlovchi asosiy manbalardan hisoblanadi.  

Xususan, Chirchiq daryosi o‘zanida yuzaga kelgan tang ekologik ahvol tufayli hozirda shahar aholisining ichimlik suvsiz qolish xavfi ham bor. 1 maydan ayrim daryo o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadigan bo‘ldi. Bu kuni kecha qabul qilingan prezidentning tegishli farmoni bilan mustahkamlandi. Lekin ko‘p vaziyatlarda moratoriyga ham qarab o‘tirmasdan huquqbuzarliklar sodir bo‘layotganini ham ko‘ryapmiz.

Xo‘sh, endilikda allaqachon yirik mafiyalarning qo‘liga o‘tib bo‘lgan qum-shag‘al qazib olinishi qanday nazorat qilinadi? Farmon bilan yana nimalar amalga oshirilishi kutilmoqda? Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev shu savollarimizga javob berdi. 

“Chirchiq daryosi biznes obekti sifatida ko‘rildi” 

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, asosiy shaharlarida ko‘pgina noruda materiallari, qurilishda ishlatiladigan resurslarni daryodan olmaydi, tog‘-toshlardan maydalab olishadi. Lekin bizning O‘zbekiston sharoitida osongina yo‘li, daryoning shag‘alini olib sotish bilan shug‘ullanilgan. Buning asosiy niqobi sifatida daryo suvi yuradigan yo‘llarni ochish degan bahona bo‘lgan, lekin amaliyot ko‘rsatdiki, bu o‘zini oqlamadi. Bu yerni biznes obekti sifatida ko‘rish bo‘ldi. 

Daryoning har taraflari betartib kovlab tashlanishi oqibatida daryo o‘zanlari o‘zgarib ketdi, suv sathi pasayib ketgan. Bu birinchidan poytaxt va Toshkent viloyati aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash masalasini xavf ostiga qo‘yadi. Ikkinchidan, bu atrofdagi flora-fauna yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Bunday holat Samarqanddagi Zarafshon daryosi bilan ham sodir bo‘lgan. Daryo sathi bir necha metrga, ayrim vaqtlarda 7 metrgacha tushib ketgan. Daryoning atrofidagi tabiiy o‘rmonzorlar qurishni boshlagan. Bu ham aholining ichimlik suvsiz qolishiga olib keladi.