Belgorod viloyatida halokatga uchragan Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti Ukraina chegarasi tomon emas, balki u tomondan uchayotgan bo‘lgan. Bu haqda 24 yanvar, chorshanba kuni «Mediazona» va «Vajnyye istorii» nashrlari, shuningdek, Ukrainaning «Skrinka Pandori» («Pandora qutisi») OSINT-tahlilchisi xabar berdi. Jurnalistlar samolyot halokati aks etgan kadrlarni tahlil qilib, video Yablonovo qishlog‘i markazidan shimolga qarab olingan, degan xulosaga keldi. 

«Skrinka Pandori»ga ko‘ra, Il-76 bort raqami RA-78830 bo‘lgan hamda halokatdan oldin Misr, Saudiya Arabistoni, Qizil dengiz va Eron orqali parvoz qilgan. Suriya yaqinida u radarlardan g‘oyib bo‘ldi, shundan so‘ng Belgorodda yana paydo bo‘ldi, deb yozadi Telegram-kanal. «Hammasi uning sharqdan qurol olib kelganidan dalolat beradi. Hozircha unda asirlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan darak yo‘q», - deydi ukrainalik tahlilchi. 

O‘z navbatida, «Verstka» nashri Flightradar ma’lumotlariga tayanib, RA-78830 raqamli Il-76 oxirgi marta Kipr yaqinida Moskva vaqti bilan soat 10:10 da signal yuborganini, halokat esa Moskva vaqti bilan soat 11:15 da sodir bo‘lganini aniqladi. «Samolyot Kiprdan Belgorod viloyatigacha bo‘lgan masofani bir soatdan ko‘proq vaqt ichida bosib o‘tishga ulgurmagan bo‘lardi. Bundan tashqari, aftidan, RA-78830 Suriyaga qo‘nishga tayyorlanayotgan edi - signal uzatishning so‘nggi 15 daqiqasida u balandligini 32 ming futdan 20,3 minggacha tushirdi», - deydi «Verstka».

Bosh shtab: Ukrainani himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda

Ayni vaqtda, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Il-76 halokatidan keyingi bayonotni e’lon qildi. «Ukraina armiyasi terror tahdidini, shu jumladan Belgorod-Xarkiv yo‘nalishida havo hududini nazorat qilish uchun yetkazib berilayotgan vositalarni yo‘q qilishni davom ettiradi», deyiladi Ukraina bosh shtabining Facebook sahifasida.

Bayonotda, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari mamlakatni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rayotgani, RF esa jang maydonida hech qanday natijaga erisha olmagan bir paytda o‘z strategiyasini davom ettirayotgani ta’kidlanadi. So‘nggi bir hafta ichida Rossiya qurolli kuchlari Xarkiv viloyatiga 19 ta raketa hujumini amalga oshirdi, shu bilan birga, «hujumlarning intensivligi yaqinda Belgorod aerodromiga yuborilgan harbiy-transport samolyotlari sonining ko‘payishi bilan bevosita bog‘liq», deb ta’kidlanadi ma’lumotda. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining bayonotida Il-76 samolyotining qulashi haqida hech narsa aytilmagan.