Apple’ning birinchi avtomobili

Bloomberg’ning yozishicha, 2028 yilda Apple kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobilini taqdim qiladi. Kompaniya loyiha ustida 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan bo‘lsa-da, hali ham prototip tayyorlamagan.

Dastlabki mashinalarni sotuvga chiqarish 2026 yilda boshlanishi kerak edi, ammo «eng yaxshi holatda» bu muddat 2028 yilga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Bloomberg sharhlovchisi Mark Gurmanning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Apple o‘z fikrini o‘zgartirgan, kompaniya Level+ avtopilot tizimiga ega bo‘lgan «an’anaviy» avtomobilni chiqaradi. Bu haydovchidan qisman yo‘lga e’tibor berishni talab qiladi. Masalan, Level+ tufayli avtomobil mustaqil ravishda eng yaqin avtomobildan masofani ushlab turishi yoki chiziqdan tashqariga chiqmasligi mumkin.

Tank 700

Xitoyda Tank 700 yo‘ltanlamasining standart versiyasi uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinishi boshlanadi. Uning uchun 70 ming dollar so‘ralmoqda.

Foto: autohome.com.cn

Tank 700 3 litr hajmli V6 dvigateli bilan jihozlangan. U 523 ot kuchini beradi. Dvigatel 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan hamkorlikda ishlaydi.

Samsung’da qondagi qand miqdorini nazorat qilish funksiyasi

Samsung qondagi qand miqdorini terini teshmasdan tahlil qiluvchi sensorni ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Kompaniya ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun turli xil texnologik platformalarni ko‘rib chiqmoqda.

«Agar biz qon bosimi va glyukoza darajasini doimiy ravishda o‘lchay olsak, butunlay boshqacha darajada bo‘lamiz. Aynan shu narsaga barcha kompaniyalar erishmoqchi. Biz ushbu texnologiyalarga katta sarmoya kiritmoqdamiz», deya ta’kidlagan Samsung’ning mobil sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari Xong Pak.