O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi diplomatlari Fransiyaning Eiffage kompaniyasining xalqaro suv va atrof-muhit bo‘yicha direktori Nikolya Syuro va tijoriy ishlar bo‘yicha mas’ul Adel Tua bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Muloqot chog‘ida suv quvurlarini qurish, energiya va suv tejamkor texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarni Eiffage kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan o‘quv dasturlarida malaka oshirishini ta’minlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Nikolya Syuro Fransiya prezidentining 2023 yil 1-2 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, korxona Qashqadaryo viloyatida jahon andozalariga javob beradigan uzoq muddat xizmat qilishga mo‘ljallangan suv quvurlarini qurish, energiya va suv tejamkor texnologiyalarini tatbiq etish hamda suv infratuzilmasini samarali boshqarish tizimini joriy etish loyihasini samarali amalga oshirishni maqsad qilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish va ular yuzasidan tegishli muzokaralar tashkil etishga kelishib oldi.









