AQShning demokratlar qo‘lidagi federal hukumati va mudom respublikachilar boshqaradigan Texas shtati rahbariyati o‘rtasida noqonuniy muhojirlar masalasidagi ziddiyat chuqurlashib bormoqda. Kun.uz muxbiri bu haqdagi savollarga javob olish uchun “Amerika ovozi” muharriri Navbahor Imomova bilan suhbatlashdi.
— Texas va AQSh hukumati o‘rtasidagi kelishmovchilik asosi nimada?
— Bu mavzularning birortasi yangi emas aslida. Biz inqiroz deb qarayotgan vaziyat yetilib kelayotgan edi anchadan beri. Oxirgi 2-3 yilda Meksika chegarasidan AQShga kirib kelayotganlar, boshpana so‘rayotganlar misli ko‘rilmagan darajada oshgan. Obama davrida ham bu holat kuchaygan edi va vahima darajasi yuqori edi, chegaradagi shtatlarda federal hukumatga norozilik bo‘lgan. Tramp hokimiyatga kelgach, keskin siyosat olib bordi, chegarada devor qurishni aytdi, kamroq odamga boshpana berilishi kerak, degan talab qo‘ydi va vaziyat og‘irlashdi. Bayden prezidentlikka kelgach, vaziyat yumshadi, ammo u yerdagi ahvol yaxshilanmadi. Texas, Arizona, Nyu-Meksika, Kaliforniya shtatlari doimiy ravishda migrantlar muammosi bilan yuzlashadi. Lekin Texas migrantlar bilan kurashishni ham istayapti, migrantlarni nazorat qiluvchi federal tizim bor, shu bilan birga shtatda ham vakolatlar bor, o‘ziga yarasha kuchga ega.
Kaliforniya liberal shtat bo‘lgani uchun federal hukumat bilan hamohanglik bor. Kaliforniya shtati va Bayden ma’muriyatiga ko‘ra, AQSh migrantlar masalasida insonparvarlik bilan yondashishi kerak. Lekin Texas va Arizonada norozilik hissi yuqori, u yerdagi konservatorlar, ayniqsa, Texas gubernatori Greg Abbott bu masalani o‘zimiz hal qilamiz, federal tizimga qarab o‘tirmaymiz, eplay olishmayapti, deyapti.
Texas shtatida hatto ko‘chada hujjatsiz yurgan har qanday odamni hibsga olish mumkin, degan qonun chiqarilgan. Federal tizim, adliya tizimi aytishicha, bu qonun AQSh tizimiga qarshi bo‘lgan qonun. Federal hukumat va Texas shtatining migrantlar masalasidagi choralari bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Konstitutsiyaga ko‘ra, bunday holatda federal hukumat ustun bo‘ladi, Oliy sud ham shuni ta’kidlayapti. Texas shtati ma’muriyati ham buni inkor etmayapti, faqat siz buni eplay olmayapsiz, degan iddao qilyapti federal hukumatga. Greg Abbott men gubernator sifatida aholi xavfsizligini ta’minlashim kerak, ammo federal hukumat migrantlar muammosini hal etolmayapti, jinoyatlar bo‘lyapti, shuning uchun bu masalani o‘zimizga qo‘yib bering, deyapti. Endi o‘zimiz hal etamiz, Texasning yeri bu yerlar, degan da’vo bilan federal chegarachilar shtat chegara hududlariga yaqinlashtirilmayapti. Oq uyning kuchsizligi esa Texas ma’muriyatini ishontirib, murosaga kela olmayapti. Federal tizim shtatlarga kirib borganda uning vazifalari aniq bo‘lishi, shtat ma’muriyati nimalar qilishi aniq bo‘lishi kerak, ammo hozir shu narsa mavhumlashib qolyapti.













