O‘zbekiston | 16:08 / 06.02.2024
13307
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemir tumani hokimi ishdan ketdi

Prezident bosh vazir Abdulla Aripovga lavozimga loyiqligini hal qilishni topshirgan 8 ta tuman hokimlari qatorida Tapil Mahamadziyayev ham bor edi.

Foto: Bektemir tumani hokimligi

Toshkent shahri Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyayev vazifasidan ozod qilindi. Bu haqda 2024 yil 6 fevral kuni Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilindi.

Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Fathulla Nigmanovga yuklatilgan

Tapil Mahamadziyayev 2021 yil iyul oyida Bektemir tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Tapil Mahamadziyayev 1976 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. U Bektemir tumaniga hokim bo‘lgunga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi hamda fuqaro muhofazasining tashkiliy ta’minoti va rejalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

16 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Abdulla Aripovga 8 ta tuman hokimining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgandi. Ushbu ro‘yxatda Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyayev ham bor edi.

Mavzuga oid