17:03 / 07.02.2024
17577

Ukraina bo‘ylab yana yopirilma hujum uyushtirildi, qurbonlar bor

Raketa va dronlar bilan berilgan zarbalar oqibatida Kiyevda ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqqan. Mikolayivda o‘nlab binolar shikastlangan.

7 fevralga o‘tar kechasi va tongda Rossiya qo‘shini Ukraina shaharlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Kiyev va Mikolayivda mahalliy rasmiylar hozircha besh kishi halok bo‘lgani va 20 ga yaqin kishi yaralangani haqida ma’lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi yoppasiga zarbalar yo‘llanganini tasdiqlagan..

Kiyevda Goloseyevskiy rayonidagi 18-qavatli turar joy binosiga jiddiy shikast yetgan. Bu yerda ko‘plab kvartiralar kuchli yong‘in ichida qolgan. Uyda derazalarning oynalari to‘kilgan va balkonlar vayron bo‘lgan.

Shahar meri Vitaliy Klichkoning xabar berishicha, uyda yashovchilardan to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko 19 kishi jarohatlangani, 60 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.

Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoga ko‘ra, harbiylar Kiyevga raketa hujumlarini qaytarish chog‘ida yigirmaga yaqin qanotli raketalarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lishgan.

«2024 yilda Kiyevga uchinchi raketa zarbasi. Dushman Rossiya hududidan turib Tu-95MS strategik bombardimonchilari bortidan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirgan. Havo trevogasi uch soatga yaqin davom etdi», — degan Popko. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar Ukraina poytaxtiga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlardan bir necha to‘lqin bo‘lib yaqinlashgan.

Qurbonlar faqat Kiyev bilan cheklanmagan. Qutqaruvchilar xabar berishicha, Mikolayiv o‘qqa tutilishi oqibatida 70 yoshli kishi halok bo‘lgan. U «Naftogaz»ning gaz tarmog‘ida xizmat qiluvchi montyori bo‘lgan. Kompaniya matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, raketa uning uyi oldiga tushgan. Shaharda ikkita gaz quvuri shikastlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llanganini tasdiqlagan. Rossiyalik harbiylar harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga «havo va dengizdan turib yuqori aniqlikda va uzoq masofaga harakatlanuvchi» qurollar, shuningdek dronlar bilan guruhli zarbalar yo‘llangan.

Kiyevdagi jabrlanuvchilar

Ikki haftalik tanaffusdan keyingi yangi zarba

Bu 23 yanvardan buyon ilk kombinatsiyalangan hujum bo‘ldi. O‘shanda, Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, dronlar hujumi ortidan Tu-95MS bombardimonchi samolyotlari qanotli raketalar uchirib, Kiyev, Xarkiv va Pavlogradga zarba bergan. O‘nlab kishilar jarohatlangan, qurbonlar ham qayd etilgandi.

Dekabr oyi boshidan buyon Rossiya Ukrainaga oltinchi marta tunda yopirilma zarbalar yo‘lladi. Kiyev shu yilning o‘zida uchinchi bor zarba ostida qoldi.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, bu safar hujumda qanotli, ballistik va zenit raketalar, shuningdek dronlar qo‘llangan, uchuvchisiz uchar qurilmalar eng avvalida uchib kelgan.

Xabarga ko‘ra, jami 44 ta raketadan foydalanilgan (23 yanvar kuni — 41 ta raketa edi), shundan X-101/X-555/X-55 rusumli 26 ta qanotli raketa hamda uchta «Kalibr», shuningdek 20 ta kamikadze dronlardan 15 tasi urib tushirilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi oldingi holatlarda bo‘lgani kabi bu safargi press-relizida ham «zarbadan maqsadga erishilgani» va «barcha obektlar aniq nishonga olingani» haqida ma’lum qildi.

Mikolayivda zarba oqibatlari

Ukraina hududlaridagi oqibatlar

«Ukrenergo» ertalabki hujum mamlakat energiya tizimi faoliyati uchun kritik oqibatlar yetkaza olmaganiga ishontirgan. Ammo Kiyevda raketa parchalari ikkita yuqori voltli liniyaga shikast yetkazgan, shuning uchun Dniproning so‘l sohilidagi iste’molchilarning bir qismi toksiz qolishgan, deb xabar bergan Klichko.

Qanotli raketalar harakati bir vaqtning o‘zida Ukrainaning bir qancha regionlarida qayd etilgan. Xarkiv oblasti ma’muriyati esa yana bir bor ballistik raketalar bilan zarba berilganini e’lon qilgan.

Xarkiv shahrining Slobodskiy rayonida zarba kelib tushgan joyda infratuzilmaga shikast yetgan, deb xabar beradi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.

Mikolayiv meri Oleksandr Senkevich jarohatlanganlardan biri jonlantirish bo‘limida jon bergani haqida xabar qilgan. Senkevichning xabariga ko‘ra, shaharda turar joylar shikastlangan, «20 ga yaqin uy tomsiz qolgan», gaz va suv quvurlari tarmoqlari shikastlangan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Lviv oblasti Drogobiche shahrida ham portlashlar ro‘y bergan. Dnipropetrovsk oblastida Novomoskovskiy zarbaga uchragan, kamikadze dron parchalari kommunal korxonaga zarar yetkazgan, deb xabar beradi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak. Tunda Sumi oblasti hududiga uchta aviabomba tushgan, deb xabar bergan prokuratura.

Lviv oblastida raketa Polsha yo‘nalishida uchgan va chegaraga yetishga 20 km qolganida 180 darajaga burilgan, bu vaqtda uni to‘sish uchun polshaliklarning uchta F-16 qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgandi, deb yozgan «RBK-Ukraina».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top