O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 1990-yillar oxiri va 2000-yillardagi senzura haqida gapirib o‘tdi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja jurnalistik faoliyatini 1994 yilda MTRKning “Axborot” dasturi direksiyasida tarjimon, muharrir va siyosiy sharhlovchi sifatida boshlagan. 1998 yilda O‘zTV-4 telekanali direktori etib tayinlangan.
“1997-1998 yillardan boshlab senzuraning kuchayishi sabab ishlash qiyinroq bo‘lib qolgandi. 1999 yildagi fevral voqealari, bir muddat Turkiya bilan kelishmovchilik, o‘zaro tushunmovchilik bo‘lgani mediaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Men televideniyeda jonli efir qilishni juda xohlardim. Informatsion kanal doim jonli efirga chiqishi kerak, deb hisoblayman. Lekin sekin-sekin yopishni boshlashdi.
“Trakt” degan tushuncha bor: amaldorlar o‘z kabinetida o‘tirib, syujyetlarni ko‘rib, telefon orqali “olib tashla”, “qisqartir”, “kesib yubor” degan topshiriqlar berishgan. Bu esa jurnalistning qo‘lini bog‘lab tashlaydi, bunday sharoitda ishlash juda og‘ir. Seni hamkasblaring to‘g‘rilab tursa, qanaqadir xato qilsang, bu boshqa narsa, lekin nimadir qilganingda butun boshli abzatslarni olib tashlashsa, buni qabul qilish og‘ir.
Esimda, 1997 yilda “zapravka”larda benzin kam quyilayotgani haqida lavha tayyorlagandim. O‘sha paytda bu muammo keng tarqalgan edi. Bu material [o‘z vaqtida] efirga chiqmagan. Material efirga chiqmasligi uchun, masala birinchi shaxsgacha yetib bormasligi uchun menga katta summa – 5 ming dollargacha taklif qilishgan. Chunki bu o‘ziga xos mafiya edi. 5 ming dollar ancha katta pul edi, yaxshi hovli sotib olsa bo‘lardi bunga. Pastroq darajadan boshlanib, shunga yetgan. Oxir-oqibat bu materialni yakshanba kuni (8 martga to‘g‘ri kelgandi) davlat rahbari shahardan tashqarida bo‘lgan paytda efirga berishgan.
O‘shanda qiyin bo‘lgan. Men pulni olmaganman. Meni ta’qib qilishgan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan do‘stlarim men bilan birga yurishgan, tahdidlar ham bo‘lgan. Materialni Vazirlar Mahkamasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov ko‘rgan, masalani jiddiy ko‘targan, lekin davlatning birinchi raqamli shaxsi ko‘rmagan, agar ko‘rganida, yanada yomonroq bo‘lardi”, – dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Jurnalist 1998-1999 yillarda o‘zi boshqargan O‘zTV-4 telekanali o‘sha vaqtda mamlakatdagi 4 ta kanaldan biri bo‘lgani, Islom Karimovning o‘ndan ortiq davlatga tashriflarida ishtirok etib, undan tez-tez intervyular olgani, shundan keyin bir muddat Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatiga rahbarlik qilib, 1999 yil oxiri va 2000 yil boshidagi saylovlardan keyin prezident matbuot xizmatiga ishga olinganini aytib o‘tdi. Bunga, Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbariga saylovlar yuzasidan bergan takliflari sabab bo‘lgan.









