Ukrain armiyasi yaqin vaqtlar ichida Donetsk chekkasidagi muhim istehkomni — Avdiyivka shahrini uzil-kesil yo‘qotishi mumkin. RF qurolli kuchlari shaharni qurshab olish harakatlarini 2023-yil oktyabrida boshlagandi, ammo faqat endi — bir necha oylik og‘ir janglar va katta yo‘qotishlardan keyin — o‘z maqsadiga erishishga yaqin turibdi. Ularga ukrain qo‘shini qarshiligini sindirishda nima yordam berdi? Va Avdiyivkaning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlari uchun nimani anglatadi?

2023-yil oxirida Rossiya qo‘shini Avdiyivkani shimoldan aylanib o‘tib, shahardagi ukrain garnizonini, shuningdek Avdiyivka kokskimyo zavodini himoya qilayotgan guruhni ham  asosiy ta’minot yo‘lidan uzib qo‘yish uchun urinishlari besamar ketgandi. Buning uchun ular Stepove qishlog‘i yaqinidagi dalalar va o‘rmonzorlardan o‘tib, temiryo‘l ko‘tarmalarini ortda qoldirishi talab etilardi. Ochiq hudud orqali hujumlar faqat katta miqdordagi texnikalar va jonli kuchlar qurbon bo‘lishiga olib keldi — bu yo‘qotishlar evaziga faqat bir necha yuz metrga ilgarilashga erishildi.

Yangi yil boshida RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi amaliyot shaklini o‘zgartirdi: qo‘shinlar endi shaharni kokskimyo zavodidan uzib qo‘yishga harakat qilmoqda, shahar ichkarisidagi garnizonga ta’minot aynan zavod hududi orqali keladi (bu yo‘l zavod janubiy chekkasidagi Lastochkino qishlog‘idan Industrial prospekt bo‘ylab janubga ketadi). Avdiyivkaga asosiy kirish joylaridan biri shu yo‘lda joylashgan — ukrain harbiylari shaharga kirishdan oldin an’anaga ko‘ra oldida fotosuratga tushadigan stela ham (2023-yil dekabr oyi oxirida prezident Volodimir Zelenskiy ham shu yerda turib videomurojaat yo‘llagandi). Rossiya qo‘shini zavodga sharqdan — dalahovlilardan iborat posyolka orqali zarba berdi, bu hududda ochiq dalalardan farqli o‘laroq, ukrain razvedka dronlari va kamikadze dronlaridan yashirinish mumkin.

10-fevral kuni qo‘shimcha niqoblanish imkonini «taqdim etgan» tumandan foydalangan RF qurolli kuchlari Avdiyivkaga o‘nlab bombalar tashlagan aviatsiya ko‘magida hal qiluvchi hujumni boshladi. 14-fevralga kelib ular Industrial prospektga ketib kelishdi — va Avdiyivkani kokskimyo zavodi orqali keluvchi asosiy ta’minot yo‘lidan uzib qo‘ydi. Ularga qarshilik ko‘rsatgan 110-mexanizatsiyalashgan brigada, uning zobitlari tan olishicha, katta yo‘qotishlarga uchragan va bo‘linmalarning bir qismi front ortiga olib ketilgan.

Ukraina qurolli kuchlari xavfli uchastkaga zaxira kuchlar tashlanganini e’lon qildi — jumladan, 2023-yilda Baxmut janubidagi Kleshchiyevka va Andriyivka aholi yashash manzillarini qaytarib olishda jonbozlik ko‘rsatgan, «Azov» 3-shturm brigadasi ham. O‘tgan vaqt davomida brigada ta’til va saflarini to‘ldirish uchun frontdan qaytarilgandi — endi esa yana shoshilinch tarzda jangga tashlanmoqda.