ISW’ning navbatdagi hisobotida aytilishicha, Rossiya kuchlari G‘arbning Kiyevga yordam berishdagi kechikishdan foydalanishga harakat qilmoqda va kamida uchta yurish amaliyoti o‘tkazmoqda: Xarkiv va Luhansk oblastlari chegarasida, xususan, Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida; Donetsk oblastidagi Avdiyivka va uning atrofida; va Zaporijjya oblasti g‘arbidagi Rabotine posyolkasi hududida.

Ammo, ISW tahlilchilari hisoblashicha, yuzaga kelgan vaziyat Moskva istagani kabi oddiy emas.

Amerikalik ekspertlar fikricha, Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkani tashlab chiqqanidan keyin, katta ehtimol bilan, shahardan g‘arbroqda yangi mudofaa chizig‘i barpo etishning uddasidan chiqqan, bu esa ushbu hududdagi navbatdagi shiddatli janglarga olib kelishi mumkin.

Natijada Rossiyaning hujumkor operatsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin, deb yozmoqda ISW xodimlari.

Yordam kechikishi

Ukrain qo‘shini Avdiyivkadan olib chiqilgach, ISW va Ukraina hamda g‘arbdagi qator manbalar kelgan xulosaga ko‘ra, Kiyevga harbiy yordam yetkazib berilishi cho‘zilishi, birinchi navbatda — artilleriya snaryadlari va o‘ta muhim bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrain qo‘shiniga Avdiyivkani ushlab turish imkonini bermagan.

G‘arb tomonidan yetkazib berilgan qurol-aslahalarning keskin tanqisligi va Amerika harbiy yordami to‘xtatilishi mumkinligi borasidagi xavotirlar ukrain qo‘shinini qo‘llanayotgan moddiy-texnik vositalar va qurol-yarog‘lar miqdorini butun front bo‘ylab qisqartirishga majbur qildi.

Katta ehtimol bilan, bunday o‘zgarish Rossiya kuchlarini vaziyatdan foydalanib qolishga va Avdiyivka atrofida cheklangan hujum amaliyotlari boshlashga undadi, ular 2024 yil yanvar oyi boshida Xarkiv va Luhansk oblastlari chegarasida, so‘nggi 48 soatlikda esa Zaporijjya oblasti g‘arbida shu ishni takrorlamoqda, deb yozadi ISW ekspertlari.

Zelenskiy dushanba kuni Ukraina QKning Kupyansk yo‘nalishidagi pozitsiyasiga tashrif buyurdi

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ukrain qo‘shini Rossiyaning bir necha oylik shiddatli hujumlaridan keyin qurshovga tushmaslik uchun Avdiyivkadan chiqqanini ma’lum qilgan.

Rossiya tomoni ukrain kuchlari tartibsiz chekingani va ularda Avdiyivkadan g‘arbda oldindan tayyorlangan yangi mudofaa marralari bo‘lmagani to‘g‘risida da’vo qilgan bo‘lsa-da, buni tasdiqlaydigan dalillar mavjud emas.