“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berildi. Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘z so‘zida o‘ziga nisbatan adolat qilinmaganini, ayblovlar asossiz va tuhmat ekanini, oqlov e’lon qilinsagina adolat tiklanishini gapirdi. Sudlov hay’ati ish bo‘yicha hukm chiqarish uchun maslahatga kirdi.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayonlari yakunlanyapti. 19 fevral kungi sud majlisida muzokara qismi yakunlanib, sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berildi.
Sud majlisida so‘z olgan sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev yakuniy nutqida aybi yo‘qligi, unga nisbatan qonuniy hukm chiqarilishi kerakligini aytdi.
“Sud yarim yidan beri davom etyapti. Sud jarayonida tomonlarning adolat tushunchasi har xil bo‘lmoqda. Jabrlanuvchilar tomonidan o‘lim jazosi so‘raganlar ham, qonuniy jazo bo‘lsin deganlar ham, aybi yo‘q deganlar ham bo‘ldi. Jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qilib, aybi yo‘q degan kishilardan minnatdorman.
Jabrlanuvchilar uchun bo‘lgan sudlarda ularning birortasi oxirigacha qatnashmadi. Sudda nima masalalar ko‘tarildi, nima bilan ayblashdi, o‘zi to‘g‘ri ayb qo‘yilyaptimi, biz nima vajlar keltirdik — jabrlanuvchilarda shu kabi masalalarga to‘g‘ri baho berish imkoniyati bo‘lmadi, deb o‘ylayman.
OAVda sud jarayoni yoritildi, buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Lekin sud yarim yil bo‘ldi, haftasiga 3 martalab, 8 soatlab bo‘ldi. Buncha narsani OAVlar to‘liq yoritolmaydi. Shu sababli, odamlarda tushuncha har xil bo‘lib qoldi. Jamiyat ikkiga bo‘lingan: bir tomon og‘ir jazo so‘rayapti, bir tomon esa aybsiz hisoblayapti.
Meni asossiz qamashdi, tuhmat bilan qamaldim. Menga nisbatan tuhmat qilganlar javobgarlikka tortilsa, men uchun adolat shu bo‘ladi. Biz huquqiy davlatda yashaymiz. Lekin qanchalik huquqiy davlatmiz, degan masala chiqadi shu o‘rinda.
Aybimiz yo‘qligidan tashqari bizga noto‘g‘ri modda, ya’ni Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4 bandi bilan ayblov qo‘yilgan. Bu modda dori vositasining zararli ekanini bila turib, sotish uchun olib kirgan shaxsga nisbatan qo‘yilishi kerak. Lekin hatto ishlab chiqaruvchining xabari bo‘lmagan bu zararli moddadan.
Huquqiy davlatda huquq nuqtai nazaridan tergov to‘g‘ri olib borilishi kerak. Ammo tergov ham noto‘g‘ri olib borildi. Boshqa rivojlangan davlatlarda ham shunday masalalarda jamiyat bo‘linadi, turli qarashlar bo‘ladi. Biz ham rivojlanyapmizki, OAVlar orqali yoritilyapti, ochiq sud bo‘lyapti.














