Dunyodagi barcha pandalar Xitoyniki bo‘lgani bois chin o‘lkasi bu kam uchrovchi jonivorlarni anchadan buyon «panda diplomatiyasi» doirasida o‘zi do‘st deb bilgan davlatlarga berib keladi.
«Xitoydagi tegishli tashkilotlar Ispaniyadagi Madrid hayvonot bog‘i va AQShdagi San-Diyego hayvonot bog‘i bilan gigant pandalarni himoya qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi», dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin.
«Shuningdek, AQShdagi Vashington hamda Avstriyadagi Vena hayvonot bog‘lari bilan hamkorlikning keyingi bosqichlari borasida ishlar olib borilmoqda», deb qo‘shimcha qilgan vazir. Ba’zi nashrlarga ko‘ra, bu borada muzokaralarga Bayden ma’muriyati vakillari ham qatnashgan.
Avvalroq Xitoy yovvoyi tabiatni asrash assotsiatsiyasi Wechatʼdagi sahifasida gigant pandalarni himoya qilish doirasida bir qator zooparklar bilan kelishuv imzolaganini e’lon qilgandi.
Siyosiy sovuqlik fonida AQShdagi pandalar Xitoyga qaytarilgandi
O‘tgan yil noyabr oyida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar yomonlashgani fonida Xitoy Vashingtondagi hayvonot bog‘idan pandalarni qaytarib olgandi. Ular 50 yildan buyon AQSh poytaxtida saqlanayotgan pandalar avlodidan edi.

Shu tariqa hozir AQShda faqat Atlantadagi zooparkda panda qolgan. Jorjiya shtatidagi ushbu hayvonot bog‘ida saqlanayotgan 4 pandaning ijara muddati joriy yil yakuniga yetadi. Agar ularning ijara muddati uzaytirilmasa yoki mamlakatdagi boshqa hayvonot bog‘lariga pandalar berilmasa, AQShda 1972 yildan buyon ilk marta umuman panda qolmaydi.

AQShning 37-prezidenti Richard Nikson 1972 yil sovuq urush vaqtidagi Xitoyga tarixiy tashrifi doirasida chin o‘lkasi hukumati AQShga ilk marta ikkita gigant panda juftligini sovg‘a qilgandi.





















