Shveytsariya aholisi 8,7 mln kishini tashkil etadi va shundan 85 foizi shaharlarda yashaydi. Eng katta shaharlari – Tsyurix, Jyeneva, Bazel, Lozanna va Bern.

Quyida keltiriladigan ma’lumotlar ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lsa ajab emas.

1. Bern – Shveytsariyaning poytaxti. Ha, Tsyurix yoki Jyeneva emas, bor-yo‘g‘i 133 ming aholiga ega, jami shveysariyaliklarning 1,5 foizini o‘zida jamlagan Bern de-fakto bu mamlakat poytaxti hisoblanadi. De-fakto deyishimizga sabab, Shveytsariya konstitutsiyasida ham, qonunlarida ham bu shahar mamlakat poytaxti deb atalmaydi. Bernning huquqiy maqomi – federal shahar. Federal boshqaruv organlari shu yerda joylashgan.

2. Tsyurix – dunyoning eng qimmat shahri. Bu – oylik maoshlarning yuqoriligi, yashash standartlarining balandligi, ko‘chmas mulk qimmatligi va boshqa omillar bilan bog‘liq. Umuman, doimiy ravishda turli reytinglarda dunyoning yashash uchun eng qimmat 10 ta shahri orasida Shveytsariyaning kamida 3-4 ta shahri joy oladi. Bunga, yuqoridagi omillar bilan birga, shveysar frankining qiymati boshqa valutalarga nisbatan yuqoriligi ham ta’sir ko‘rsatadi.

3. Davos – Yevropaning eng baland nuqtada joylashgan shahri. Alp tog‘lari bag‘ridagi shaharning 11 ming kishilik aholisi dengiz sathidan 1560 metr balandlikda hayot kechiradi. Bu shahar har yili bo‘ladigan Jahon iqtisodiy forumiga mezbonlik qilishi bilan mashhur.

4. Jyeneva – Mishlen yulduzini olgan restoranlar sonining aholi soniga nisbati bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardagi shaharlardan biri. Har 100 ming jyenevalikka Mishlen yulduzli 7 ta restoran to‘g‘ri keladi. Bu – dunyo bo‘yicha Lyuksemburg (1-o‘rinda), Kyoto, San-Sebastyan va Parijdan keyingi beshinchi ko‘rsatkich.

5. Jyeneva – eng ko‘p xalqaro tashkilotlar joylashgan shahar. Bu yerda BMTning to‘rtta asosiy ofisidan biri, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Xalqaro qizil xoch jamiyati va boshqa o‘nlab xalqaro tashkilotlarning bosh shtab-kvartiralari joylashgan.

6. Dunyodagi eng katta jamoat transporti tizimlaridan biri. Shveytsariya shaharlari temiryo‘llar bilan shu qadar uzviy bog‘langanki, ko‘p holatlarda bir shahardagi “A” nuqtadan ikkinchi shahardagi “B” nuqtaga borish uchun avtomobilga umuman zarurat yo‘q: shaharlararo qatnovchi poyezdlar shaharlar jamoat transporti bilan juda yaxshi integratsiya qilingan.