RT bosh muharriri, propagandachi Margarita Simonyan 1 mart kuni ertalab «pogonli o‘rtoqlar» unga bundesverning (Germaniya qurolli kuchlari) yuqori martabali zobitlari go‘yoki «Qrim ko‘prigini qanday bombardimon qilishlari»ni muhokama qilgani haqidagi audioyozuvni yetkazgani haqida yozdi. U Shols Rossiya bilan munosabatlarda eskalatsiyadan qochish zarurligi haqida gapirayotgan vaqtda, bundesver ofitserlari bu mojaroda anchadan buyon ishtirok etayotganini yashirmayotganini ta’kidlagan. «Rossiya oldingi safar rus ko‘priklarini portlatish Germaniya uchun qanday tugaganini eslatib qo‘yishining vaqti kelmadimi», deya savol qo‘ygan Simonyan.
Keyinroq u audio rasshifrovkasini (rus tilida) hamda 38 daqiqalik audioning o‘zini e’lon qildi, unda muloqot ishtirokchilari bir-biri bilan nemis tilida so‘zlashgan. RT bosh muharririning aytishicha, bu muloqot 19 fevral kuni o‘tkazilgan. Simonyanning tasdiqlashicha, audiodagi suhbat bundesver harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining amaliyotlar va mashg‘ulotlar bo‘limi boshlig‘i Frank Grefe, harbiy-havo kuchlari inspektori Ingo Gerharts va bundesver kosmik qo‘mondonligi havo amaliyotlari markazi xodimlari Shtefan Fenske va Froshtedte (uning ismi keltirilmagan) ishtirokida kechgan.
Rasshifrovkaga ko‘ra, muloqot qatnashchilari Ukrainaga Taurus rusumli uzoq masofaga harakatlanuvchi qanotli raketalar yetkazib berish ehtimolini muhokama qilishgan. Ulardan biri «mudofaa vaziri [Boris] Pistorius Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berish masalasini diqqat bilan ko‘rib chiqmoqchiligi» haqida aytgan.
Bundan tashqari, ular Germaniya kansleri Olaf Shols tegishli qarorni qabul qilgudek bo‘lsa, Taurus raketalarini qancha muddatda yetkazib berish mumkinligi haqida gaplashishgan. Rasshifrovkada ukrain harbiylari Taurus tizimlaridan foydalanish uchun o‘qitilishi zarurligi aytiladi. Suhbatdoshlar o‘quv mashg‘ulotlari qayerda o‘tkazilishi mumkinligi va Germaniya qurolli kuchlari bunga qanday shaklda jalb etilishini muhokama qilishgan.
Ularning fikricha, agar yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa ham, raketalarni faqat sakkiz oydan keyin qo‘llashni boshlash mumkin bo‘ladi.
Harbiylar shuningdek, ukrainlar Taurus yordamida hujum qilishi mumkin bo‘lgan turli nishonlarni muhokama qilishgan, jumladan o‘q-dori omborlari va «sharqdagi ko‘prik»ni tilga olishgan — katta ehtimol bilan, gap Qrim ko‘prigi haqida borgan. «Ko‘prikni yo‘q qilish masalasida yana bir gapni aytmoqchiman. Biz bu masalani chuqur o‘rganib chiqdik, afsuski, ko‘prik o‘z kattaligi bilan uchish-qo‘nish polosasiga o‘xshash degan xulosaga keldik. Shu tufayli unga 10 va hatto 20 ta raketa yetarli bo‘lmasligi mumkin», — degan suhbat ishtirokchilaridan biri. Unga javob bergan kishi esa «agar Taurus fransuzlarning Dassault Rafale qiruvchisidan uchirilsa, maqsadga erishish mumkinligi» haqida qarash borligini aytadi.


















