Germaniya, AQSh va Britaniyada bundesverning yuqori martabali zobitlarining suhbati sizdirilishi oqibatlarini muhokama qilish davom etmoqda, zobitlar suhbat davomida Qrimdagi Kerch ko‘prigiga raketa zarbalari berish istiqbollari, ukrain harbiylarini tayyorlashning o‘ziga xosliklari va Ukraina hududida g‘arblik harbiylar bo‘lishi mavzularini muhokam qilishgan. BBC rus xizmati bu suhbat audioyozuvi sizib chiqishi qanday sabablarga ko‘ra ro‘y bergani va Rossiya nima uchun uni e’lon qilishga qaror qilganini aniqlashga harakat qildi.

O‘zi nima bo‘ldi?

1 mart tongida Rossiyadagi RT davlat telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan unga Germaniya qurolli kuchlarining yuqori martabali zobitlarining suhbati audioyozuvini yetkazishgani haqida xabar qildi. Simonyanning so‘zlariga ko‘ra, ular go‘yoki «Qrim ko‘prigini qanday bombardimon qilish»ni va buni «Shols buning menga daxli yo‘q qabilida gapirishda davom etishi»ni ta’minlash uchun qanday amalga oshirish lozimligini gaplashishgan.

Keyinroq Simonyan nemis tilidagi muloqotning 38 daqiqalik audioyozuvini hamda uning rus tilidagi tarjimasini e’lon qildi. RT versiyasiga ko‘ra, 19 fevral kuni o‘tkazilgan suhbatda bundesver harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining amaliyotlar va mashg‘ulotlar bo‘limi boshlig‘i Frank Grefe, harbiy-havo kuchlari inspektori Ingo Gerharts va bundesver kosmik qo‘mondonligi havo amaliyotlari markazi xodimlari ishtirok etgan.

Agar audio to‘liq eshitib chiqilsa, harbiylar Qrim ko‘prigi bo‘ylab zarba berish rejalarini emas (uni “sharqdagi ko‘prik” deb atashgan), balki Ukrainaga Taurus raketa tizimlarini yetkazib berish va Kiyev bu raketalardan qanday foydalanishi mumkinligi kabi masalalarni muhokama qilgani ayon bo‘ladi.

Suhbatdoshlar agar Germaniya kansleri Olaf Shols shunday qaror qabul qilsa, Taurus Ukrainaga qaysi muddatda yetkazib berilishi mumkinligi, ukrain artilleriyachilari qayerda o‘qitilishi va Germaniya qurolli kuchlari vakillarining bundagi ishtiroki qanday bo‘lishi haqida gaplashishgan.

Shuningdek, muloqotda Kiyev Taurus yordamida hujum qilishi mumkin bo‘lgan qator nishonlar, jumladan o‘q-dori omborlari va «sharqdagi ko‘prik» tilga olingan:

«Biz bu masalani chuqur o‘rganib chiqdik, afsuski, ko‘prik o‘z kattaligi bilan uchish-qo‘nish polosasiga o‘xshash degan xulosaga keldik. Shu tufayli unga 10 va hatto 20 ta raketa yetarli bo‘lmasligi mumkin», — degan suhbat ishtirokchilaridan biri.

Shu bilan birga, muloqot ishtirokchilaridan biri Britaniya va AQSh Kiyevga g‘arb tomonidan yetkazib berilayotgan murakkab qurollarni boshqarish va xizmat ko‘rsatishda yordam berish uchun ma’lum miqdordagi harbiylarini Ukrainada joylashtirganini aytib o‘tgan.