BOLONYa – INTeR (9 mart, 22:00)

So‘nggi yillarda yaxshigina raqobat bilan e’tiborni o‘ziga qaratayotgan Italiya chempionatida bu mavsumda tom ma’nodagi superklub paydo bo‘ldi – «Inter». Milanliklar nafaqat A Seriya miqyosida, balkim Yevropa o‘lchovlarida ham yuqori saviyadagi va barqaror futbol namoyish etmoqda va Chempionlar Ligasi favoritlaridan biri bo‘lib turibdi. Bu shunchaki, o‘tgan yili jamoa finalda o‘ynagani uchun emas, «Inter»ning aynan ushbu mavsumdagi o‘yiniga nisbatan olinayotgani ham sir emas. «Inter» hozirda 15 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda va katta ehtimol bilan kuchli beshlikda birinchi bo‘lib rasman chempionlikni nishonlaydi.

Bu o‘yinning tanlanganiga asosiy sabab esa «Bolonya». «Inter»ning sobiq futbolchisi Tiagu Motta boshqarayotgan o‘rtamiyona klub bu mavsumda oldinga dadil qadam tashladi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. 13-o‘rindagi jamoani qabul qilib olgan Motta o‘tgan mavsumda jamoani 9-o‘ringa olib chiqdi, hozir esa «Bolonya» 51 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda. Agar bu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, jamoa hozirdanoq o‘tgan mavsumdagi ochkolar miqdoriga yetib olgan bo‘ladi. Umuman, aslida «Bolonya» tarixan olganda Italiyaning to‘rtinchi katta klubi sifatida tilga olinadi. Sovrinlar soni bo‘yicha Italiyaning oltinchi jamoasi, yetti marta mamlakat chempioni bo‘lgan. Oxirgi marta esa «Bolonya» o‘tgan asr oxirlarida yevrokuboklarda qatnashgan va UYeFA kubogi yarimfinaliga yetib borgandi. Bu ketishda bolonyaliklar kelasi yildan yana Yevropaga qaytishi ehtimoli katta.

Foto: Getty images

Mezbonlarda g‘alaba uchun imkoniyat bo‘lishi mumkinligining sabablaridan biri, «Inter» kelasi haftada Chempionlar Ligasida muhim uchrashuv o‘tkazadi – «Atletiko» maydonida birinchi o‘yindagi ustunlikni (1:0) saqlab qolishga to‘g‘ri keladi. A Seriyada yaxshi farq bilan oldinda borayotgan «Inter» ko‘proq e’tiborini Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqishga qaratishi tabiiy. Shu tufayli, ushbu o‘yinda ba’zi yetakchi futbolchilar dam olishi ham mumkin. Bundan tashqari, «Bolonya» g‘alabali seriyasini davom ettirmoqda – Motta shogirdlari 16-4 to‘plar nisbati bilan oxirgi 6 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi.

O‘zaro o‘yinlarga qaraganda ham, o‘zaro oxirgi uch o‘yinda «Bolonya» mag‘lubiyatga uchramayotgani ham fakt. Birinchi davradagi o‘yinda Milanda 2:2 hisobi qayd etildi, shuningdek, dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Italiya kubogi bahsida ham Motta shogirdlarining qo‘li baland kelgandi. Yuqorida aytilganidek, «Inter»ning uchrashuvga tanlaydigan tarkibini taxmin qilish qiyin, «Bolonya»da esa arzirli jarohatlar yo‘q. Ayniqsa, mezbonlar safida 22 yoshli niderlandiyalik hujumchi Joshua Zirkziga alohida e’tibor qaratishga maslahat bergan bo‘lardik . Ushbu mavsumda A Seriyada 10 gol urgan futbolchi bir qator Yevropa top klublarining nazariga tushgan.