Rossiya Ukrainada boshlagan va «uch kunda tugatishni maqsad qilgan» urush oltinchi yilga ham oʻtadigan boʻldi. Trampning kuyovi Kushner va quruvchi doʻsti Uitkoff avval Moskvaga, keyin Kiyevga borib, muzokaralar oʻtkazdi. Bu gal ham ular kutilganidek urushni tugatish boʻyicha hech qanday natijaga erisha olmadi.

«Yangi gʻoyalar eshitdik»

Men Donald Trampning doʻsti Stiven Uitkoff bunday darajadagi muzokaralarda qatnashishiga boshidan salbiy munosabatdaman. Chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda sodir boʻlayotgan eng katta urushni tugatish boʻyicha muzokaralarda professional diplomatlar qatnashishi kerak, «dom» sotib boy boʻlgan milliarderlar emas. Trampning kuyovi Kushner ham oshib borsa qaynotasi yordami bilan biror biznesdan boyishni biladigan pultopar.

Diplomatiya bu – sanʼat, olibsotarlik emas. Dunyodagi yirik nashrlar «Trampning elchilari hech qanday natijaga erishmadi», deb yozayotganda mister Uitkoff nimalar deganiga eʼtibor bering: «Moskvada sezilarli yutuqlarga erishdik deb oʻylayman, yangi gʻoyalar eshitdik». Qanday «yangi gʻoyalar» ekanini taxmin qilish mumkin. Aytaylik, Putin urushni tugatish uchun Ukraina endi faqat Donbassdan emas, Zaporijjya, Xerson va Sumidan ham chiqib ketsin, degan boʻlsa kerak.

Janoblar, Moskvaga har tashrifidan keyin Putinni ogʻzidan bol tomib maqtaydigan, «Putin oʻz cherkovida sham koʻtarib, Trampni duo qilibdi», deb toʻlqinlanib gapiradigan milliarderdan urush muzokaralarida nima kutish mumkin? Men kuyov Kushner va quruvchi Uitkoff Rossiya hozir Ukrainaning qaysi qismini bosib olgani, front qayerda muzlab turgani, Donbass oʻzi qanday maʼno anglatishini bilmasligiga shubha qilmayman. Ishonmasangiz, shu ikkovidan Sumi oblasti qayerda joylashgan, Gomel kimga tegishli deb soʻrang, javob berolmaydi. Bu insonlarga avval Moskvaga, keyin Kiyevga borasan, mana bu gaplarni aytasan, deyishgan, tamom.

Butun boshli urush muzokaralarida qatnashayotgan odam pochtalyon vazifasini bajarib, gaplarni u yoqdan bu yoqqa yetkazishi kerak emas, bu ishni telefonda yoki Oq uydagilar yaxshi koʻradigan Signal messenjeridagi chatda ham qilish mumkin.

Butun boshli Amerika nomidan qatnashayotgan muzokarachilar bunaqa yumshoq pozitsiyada turib gaplashishi menga juda gʻalati tuyuladi. Aytaylik, biror davlat «siyosiy ochko» ishlash ilinjida oʻrtakashlik qilib, ikki tomonga ham yoqadigan gaplar aytsa, qoʻyinglarey urushmaylik, desa tushunish mumkin. Lekin Amerikadek kuchli davlat nomidan gapirayotgan odamlar dadilroq pozitsiyada boʻlishi kerak deb oʻylayman. Yoki umuman muzokarada qatnashish kerak emas. Havoga oʻq uzishdan nima foyda?