2024 yil kuzda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Bu saylovda asosan ikkita: respublikachilar va demokratlar partiyalari kurash olib boradi.

Prezidentlik uchun faqat demokratlar va respublikachilar kurashgani uchun ko‘pchilik AQShda faqat ikkita siyosiy partiya bor deb o‘ylaydi. Aslida unday emas. Bu davlatda 40 ta atrofida siyosiy partiya bor.

Shunchaki Amerikada demokratlar va respublikachilar juda katta farq bilan gegemonlik qilishadi. Shu sababli omma boshqa partiyalar haqida uncha ma’lumotlarga ega emas.

AQShda demokratlar va respublikachilar partiyalari uzoq yildan buyon qariyb teng raqobat olib bormoqda. Buni statistik ma’lumotlardan ham bilib olsa bo‘ladi.

Jumladan, shu paytgacha AQShda demokratlardan 16 nafar, respublikachilardan 19 nafar shaxs prezident bo‘lgan. Qolganlar boshqa partiyalar a’zolari bo‘lishgan.

Xo‘sh, AQShda qaysi partiya vakillari ko‘proq prezidentlik qilgan? Ularni birma-bir sanab chiqamiz.

Demokratik partiya

Xo‘tikcha AQShda demokratlar ramzi hisoblanadi
Foto: Alamy 

Demokratik partiya AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Bu partiya a’zolaridan 16 kishi AQShni boshqargan. Bugun AQSh aholisining qariyb yarmi shu partiyani qo‘llaydi.

Quyidagi prezidentlar demokratlar vakillari bo‘lishgan:

1. Endryu Jyekson. AQShning 7-prezidenti (1767-1845)

Endryu Jyekson demokratik partiya asoschilaridan biri hisoblanadi. U demokratlar orasidan birinchi bo‘lib mamlakat rahbari bo‘lgan. U 1829-1837 yillarda ikki muddat AQShni boshqargan.

2. Martin Van Byuren. AQShning 8-prezidenti (1782-1862)

Martin Van Byuren ham demokratlar partiyasi asoschilaridan biri hisoblandi. U 1837-1841 yillar oralig‘ida bir muddat AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda Viglar partiyasi vakili Uilyam Henri Harrisonga yutqazgan.

3. Jyeyms Noks Polk. AQShning 11-prezidenti (1795-1849)

Jyeyms Noks Polk 1845-1849 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘ymagan.