Jahon | 16:27 / 14.03.2024
6435
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya AEXAning Zaporijjya AESni Kiyevga qaytarish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi

Zaporijjya atom elektr stansiyasini Ukrainaga yoki xalqaro nazoratga o‘tkazish haqidagi chaqiriqlar Moskvada «Rossiya suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz» sifatida baholanmoqda», deyiladi TIV xabarida.

Foto: Dmytro Smolenko/Ukrinform/abaca/picture alliance

Rossiya Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (AEXA) Zaporijjya atom elektr stansiyasini zudlik bilan Ukraina nazoratiga qaytarish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi. «Zaporijjya AESni Ukrainaga «qaytarib berish» yoki u ustidan xalqaro nazorat o‘rnatishga chaqiruvchi har qanday rezolyutsiyalar, shuningdek, rasmiylar va xalqaro tashkilotlarning bayonotlari biz uchun davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishga urinish sifatida baholanadi», - deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 13 mart, chorshanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

Xabarda, shuningdek, Rossiya «Ukrainaning uni buzishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Zaporijjya AES va Energodar shahrini himoya qilishni kuchaytirishda» davom etishi aytiladi. 

Rossiya harakatlarini qoralovchi AEXAning to‘rtinchi rezolyutsiyasi 

AEXA boshqaruvchilar kengashi 7 mart kuni ko‘pchilik ovoz bilan tegishli rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. «Hujjat, xususan, Rossiyani Zaporijjya AES hududidan zudlik bilan barcha ruxsat etilmagan xodimlarni, shu jumladan harbiy xizmatchilarni olib chiqib ketishga va Ukraina Davlat yadro nazorati inspeksiyasi tomonidan berilgan mavjud litsenziyaga muvofiq stansiyani zudlik bilan Ukraina vakolatli organlarining to‘liq nazoratiga qaytarishga chaqiradi», - deb xabar qildi Ukraina Energetika vazirligi. 

Qabul qilingan hujjatda, shuningdek, Zaporijjya AESda yadro xavfsizligining beqaror holatidan jiddiy xavotir bildirilgan. Xususan, ta’kidlanganidek, bu malakali kadrlar yetishmasligi, rejalashtirilgan profilaktika ishlarini bajarishdagi kamchiliklar, suv va elektr ta’minoti tizimlarining zaifligi, shuningdek, Zaporijjya AESning ichki va tashqi perimetri o‘rtasidagi bufer zonada piyodalarga qarshi minalar o‘rnatilishi bilan bog‘liq.

Bu AEXA boshqaruvchilar kengashining Ukraina yadroviy inshootlariga qarshi Rossiya harakatlarini qoralovchi to‘rtinchi rezolyutsiyasidir. AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 18 oy ichida Zaporijjya AES sakkiz marta tashqi elektr ta’minotidan uzilgan va favqulodda dizel generatorlari yordamida ishlagan. 

Rossiya qo‘shinlari 2022 yil 4 mart kuni Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab oldi. ZAES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, umumiy quvvati 6 gigavatt bo‘lgan 6 ta energetika blokiga ega. Rossiya 2022 yil sentabr oyida Zaporijjya viloyatining bir qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi. 

Mavzuga oid