18 mart, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishining ikkita muhim qarori Yevropa tinchlik jamg‘armasi doirasida Ukrainaga harbiy yordam uchun qo‘shimcha besh milliard yevro ajratish, shuningdek, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.
«Biz Aleksey Navalniyning o‘ldirilishida aybdorlarga qarshi sanksiyalar qo‘llashga kelishib oldik. Bu - 30 nafar jismoniy va yuridik shaxs», - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
YeI davlatlari Ukraina uchun o‘q-dorilarni «o‘zi xohlagan joyda» sotib olishi mumkin
Uchrashuvda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba onlayn tarzda ishtirok etdi. «Vazir Kulebani tinglaganimizdan so‘ng, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligi ma’lum bo‘ldi», dedi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga yana besh milliard yevro ajratish to‘g‘risidagi qaror harbiy yordamni «oldindan taxmin qilish» imkonini beradi, unga qurol sotib olishni davom ettirish imkonini yaratadi va Ukraina qurolli kuchlari (UQK) uchun 2022 yil noyabr oyidan beri faoliyat yuritayotgan Yevropa Ittifoqining o‘quv missiyasi ishini qo‘llab-quvvatlaydi.
«Ukrainaga yordam jamg‘armasi Yevropa mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun emas, faqat Ukrainaga yordam berish uchun mo‘ljallangan», deb ta’kidladi Borrel jurnalistlarning savollariga javob berar ekan. Uning tushuntirishicha, «Ukraina uchun Yevropa Ittifoqidan tashqarida o‘q-dorilar sotib olmoqchi bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo har bir davlat Yevropa tinchlik jamg‘armasidan tovon puli olish huquqiga ega». Shu bilan birga, Bryussel milliy hukumatlarga Ukraina qurolli kuchlari uchun snaryadlarni «o‘zi xohlagan joyda qidirishga ruxsat beradi: o‘z zaxiralaridan olish, Yevropa ishlab chiqaruvchilari yoki dunyoning istalgan mamlakati mudofaa korxonalaridan sotib olish».
Borrel, shuningdek, Chexiya hukumatining Ukraina qurolli kuchlari uchun 800 ming o‘q-dori sotib olish tashabbusi orqali Ukrainaga yordam jamg‘armasi budjetidan snaryadlar uchun mablag‘lar bir qismini unda ishtirok etgan a’zo mamlakatlarga qaytarish uchun qonuniy ravishda foydalanish mumkinligini ta’kidladi.
Rossiya aktivlaridan olingan daromadlarni musodara qilish bo‘yicha hali konsensus yo‘q

















