22 mart kuni terrorchilar Moskva oblastida joylashgan «Crocus City Hall» majmuasining konsert zaliga hujum qilishdi. Ular Moskva vaqti bilan soat 20:00 lar atrofida «Piknik» guruhining konsertiga yig‘ilgan 6 mingdan ziyod tomoshabin bo‘lgan zalga bostirib kirib, o‘qotar quroldan tomoshabinlarga qarata o‘t ocha boshlashgan.

Foto: Sergey Vedyashkin / «Moskva» agentligi

Rossiyaning eng yirik savdo va ko‘ngilochar markazida ro‘y bergan dahshatli terrorchilik akti xronologiyasi va eng asosiy xabarlar bilan yana bir bor tanishtirib o‘tamiz.

  • Eng kamida 5 nafar terrorchi binoga ikki tomondan — avtoturargoh va bosh kirish eshigidan bostirib kirishgan. Ular aniqlashtirib o‘tirmasdan, «Piknik» guruhining konsertiga kelgan tomoshabinlarga qarata o‘t ochishgan.

  • O‘nlab nuqtalarda o‘t ochilgan. Voqea guvohlari kamida ikkita portlash ovozini eshitishgan. Ularning so‘nggisi Moskva vaqti bilan soat 21:30 atrofida ro‘y bergan.

  • Hujum qilgan terrorchilar nafaqat konsert zalida, shuningdek foyeda hamda unga kirish joyida ham o‘t ochishgan. Hujum qilganlarning ikki nafarida ryukzak bo‘lgan. Ularda portlovchi moddalar bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

  • Dastlabki hisoblarga ko‘ra, 62 kishi halok bo‘lgan. Moskva oblasti sog‘liqni saqlash vazirligi terakt davomida turli darajada tan jarohati olgan 146 nafar jabrlanuvchining ro‘yxatini e’lon qildi. Ulardan 115 nafari kasalxonalarga joylashtirilgan. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalar. 60 nafar yoshi katta jabrlanuvchilar va bir nafar yosh bolaning ahvoli og‘ir. Yana to‘qqiz kishining ahvoli o‘ta kritik ekani ma’lum qilindi.

  • Odamlarning katta qismi konsert zalini o‘zlari qochib chiqib tark etishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular binodan chiqish uchun uning oynavand fasadi derazalarini ham sindirishgan. Moskva oblasti Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, odamlar binoning yerto‘la qismidan chiqarib olingan, shuningdek, uning tomidan kranlar yordamida tushirilgan.

  • Jangarilar konsert zaliga o‘t qo‘yishgan. Yong‘in tezda bino bo‘ylab tarqala boshlagan. Olov qariyb 13 ming metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Binoning oynavand fasadi va tomi qulab tushgan. Yong‘inni o‘chirishga vertolyotlar ham jalb qilingan. 5 soatlik urinishlardan so‘ng olov qurshab olingan.