Xitoyda keksalar soni ortib boryapti. Iqtisodiyotning sekinlashishi, davlat imtiyozlarining qisqarishi, o‘nlab yillar davom etgan bir bolalik siyosati demografik inqirozni keltirib chiqardi.

Pensiya qozoni qurib boryapti, mamlakatda esa soni ortib borayotgan qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun jamg‘arma yaratishga vaqt kam.

Keyingi 10 yil ichida hozir 50-60 yosh oralig‘ida bo‘lgan 300 mln xitoylik pensiyaga chiqadi va mehnat bozorini tark etadi. Bu mamlakatning eng katta yosh guruhi, qariyb butun AQSh aholisi soni bilan teng.

Ularga kim g‘amxo‘rlik qiladi?

Asrlar davomida Xitoyda qari ota-onaga qarash farzandlarning zimmasida bo‘lib kelgan. Biroq 1980 yildan to 2015 yilgacha bo‘lgan muddatda olib borilgan "Bir bolalilik siyosati" ota-onalar suyana oladigan farzandlarning kamayib ketishiga sabab bo‘ldi. Ularda 2-3 nafar emas, atigi bir nafar o‘g‘il yo qiz farzand bor.

Jadal iqtisodiy o‘sishlar sabab yoshlar ham ota-onalaridan uzoqroqqa ko‘chib ketishgan. Oqibatda, o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishi, hukumatdan yordam olishi kerak bo‘lgan keksalar soni oshgan.

Lekin pensiya fondi mablag‘lari 2035 yilga borib tugab qolishi mumkin. Bu Xitoy iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qilgan pandemiyadan oldingi, 2019 yilgi prognoz edi.

Bu vaziyatda Xitoy hukumati ham necha yillardan beri ko‘rib chiqilayotgan pensiya yoshini oshirish siyosatini amalga oshirishi mumkin. Hozirda Xitoy jahondagi eng past pensiya yoshi belgilangan davlatlardan biri. Mamlakatda erkaklar 60 yoshda, ofis xodimi bo‘lgan ayollar 55 yoshda, ishchi sinf ayollari esa 50 yoshda nafaqaga chiqadi.

Tajribadagi qariyalar uyi

"Uyimizga xush kelibsiz!" deydi qariyalar uyida yashaydigan 78 yoshli Feng buvi. U turmush o‘rtog‘i bilan birga yashayotgan Sunshine qariyalar uyi 1,3 ming rezident uchun moslab qurilgan. Bu yerda 20 nafar yoshlar keksalarga g‘amxo‘rlik qilish sharti bilan tekinga yashaydi. Ba’zi xususiy kompaniyalar mahalliy hukumatga tushadigan yukni kamaytirish uchun g‘amxo‘rlik markazini qisman moliyalashtiradi.