Manbalarga ko‘ra, aerodromda Su-27 qiruvchilari hamda so‘nggi vaqtlarda front chizig‘i yaqinida faollashgan Su-34 bombardimonchilari joylashtirilgandi.
Morozovskda dronlar orqali amalga oshirilgan hujum haqidagi ilk ma’lumotlar jumaga o‘tar kechasi paydo bo‘lgandi.
Moskva vaqti bilan tungi soat ikkilar chamasi Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev qisqacha xabar qoldirdi: «Morozovsk rayonida havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi uchuvchisiz uchar apparatlarning yopirilma hujumini qaytarmoqda».
Bungacha Rossiya nashrlari, jumladan propagandachi «Readovka» hujum nishoni Morozovskdagi aerodrom bo‘lganini xabar qilgandi.
Keyinroq Golubev dronlar elektr nimstansiyasiga urilgani hamda unga «arzimas darajada» zarar yetkazgani, ayni paytda jabrlanganlar yo‘qligini aytib chiqdi.
Gubernator kunning ikkinchi yarmida telegramdagi kanalida qoldirgan yana bir postida jumaga o‘tar kechasi «Morozovsk rayonida, aerodrom yaqinida» dronlardan biri qulashi oqibatida portlash sodir bo‘lgani, buning natijasida sakkiz kishi jarohatlanganini yozdi. «Dron qulagan joyda tergov harakatlari olib borilmoqda», — deya yozgan Golubev.
Tunda Saratov oblastida Rossiyaning yirik bombardimonchi samolyotlari joylashtirilgan Engels shahriga ham ukrain dronlari hujum qilgani haqida xabar tarqalgandi. «Engelsda erta tongda uchuvchisiz uchish apparati yo‘q qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar qulashi oqibatida jabrlanganlar hamda infratuzilmalar vayron bo‘lishi qayd etilmagan», — deya yozdi telegramda Saratov oblasti gubernatori Roman Busargin.
Uning bunday formulirovkasidan yo‘q qilingan dronlar soni qancha bo‘lgani haqida aniq xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Mahalliy pabliklar ko‘plab portlashlar haqida xabar tarqatgan, ammo havodagi nishon raketa bilan urib tushirilsa, uni tutib qolish uchun kamida ikkita raketa uchiriladi.
Engels avvaldan Tu-95 va Tu-22 rusumli og‘ir bombardimonchi samolyotlar uchun baza sifatida mashhur, bu samolyotlar Ukrainaning ichki hududlariga uzoq masofadan, odatda Kaspiy hududidan qanotli raketalar uchirish uchun foydalaniladi.
Urush davomida mazkur aerodrom bir necha bor ukrainlar tomonidan hujumga uchragandi.
RF mudofaa vazirligi tunda qancha dron qayerlarda urib tushirilgani bo‘yicha o‘z ma’lumotini e’lon qilgan, unga ko‘ra Saratov oblastida bitta, Rostov oblastida — 44 ta dron urib tushirilgan. Shuningdek, Krasnodar o‘lkasi uzra oltita, Kursk va Belgorod oblastlarida bittadan dron to‘xtatilgani ma’lum qilingan.

















