08:45 / 08.04.2024
8599

AEXA: Dron portlashi Zaporijjya AESdagi reaktor qobig‘iga zarar yetkazdi

Zaporijjya AES asosiy reaktorining himoya qobig‘iga kamida uch marta dron kelib tegdi. Rossiya va Ukraina hujumda bir-birini ayblamoqda. 

Foto: Andrey BORODULIN/AFP/Getty Images

Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) hududida dron portlashi 2022 yil noyabr oyidan beri birinchi marta stansiyaning asosiy yadro reaktori himoya qobig‘iga zarar yetkazdi. Bu haqda 7 aprel, yakshanba kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, reaktor himoya qobig‘iga kamida 3 ta zarba bo‘lgan. 

Grossi, shuningdek, hodisa Zaporijjya AESda «yadro xavfsizligiga tahdidlarning jiddiy kuchayishi» ekanligini ta’kidladi. «Bunday ehtiyotsiz hujumlar yirik yadroviy avariya xavfini sezilarli darajada oshiradi va zudlik bilan to‘xtatilishi kerak», — dedi u. 

Ukraina va Rossiya Zaporijjya AESga qilingan hujumda bir-birini ayblamoqda 

Zaporijjya AES hududida uchuvchisiz uchoq portlagandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasining tomonidan tayinlangan stansiyaning «boshqaruvi» hujumda Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ni aybladi. Bunga javoban Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») vakili Andrey Yusov hodisada Rossiya qo‘shinlarini ayblab, dron zarbasini «imitatsion» deb atadi. 

Rossiya harbiylari 2022 yil mart oyi boshida Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab oldi. Ushbu obekt qayta-qayta o‘qqa tutilgani uchun xalqaro hamjamiyat xavotirga tushyapti. 

Grossi: Zaporijjya AESda deyarli barcha xavfsizlik protokollari buzilgan 

Mart oyi boshida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi Rossiya harbiylari nazorati ostidagi Zaporijjya AESda AEXAning yettita yadroviy va jismoniy xavfsizlik protokollaridan oltitasi to‘liq yoki qisman buzilganini aytdi. 7 mart kuni AEXA boshqaruvchilar kengashi Zaporijjya atom elektr stansiyasidan rossiyalik harbiylar va boshqa xodimlarni zudlik bilan olib chiqib ketish va uni zudlik bilan Ukraina vakolatli organlarining to‘liq nazoratiga qaytarishni talab etuvchi rezolyutsiya qabul qildi. Kreml AEXAning chaqirig‘ini rad etib, uni «Rossiya suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hujum» deb atadi. 

2022 yil 4 martdan beri Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani sababli sakkiz marta elektr ta’minotdan o‘chirilgan.

Mavzuga oid
Top