Jahon | 12:28 / 25.04.2024
4570
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Cherkask va Dnipropetrovsk viloyatlariga zarba berdi

Rossiya Cherkask va Dnipropetrovsk viloyatlariga raketa zarbalari berdi. Poltava, Sumi va Kiyev viloyatlarida ham raketa tahdidi e’lon qilindi. Cherkask viloyatida muhim infratuzilma obekti zarar ko‘rgan.

Foto: REUTERS

Ukrainaning Cherkask viloyatida shu nomdagi tumanda Rossiya hujumi natijasida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, muhim infratuzilma obekti zarar ko‘rgan. Bu haqda Telegram-kanalida 25 aprel, payshanba kuni ertalab viloyat harbiy boshqarmasi (VHB) rahbari Igor Taburets ma’lum qildi

«Ertalab dushman bizning Cherkask viloyatiga hujum qildi, havo hujumidan mudofaa tizimi yuqori tezlikdagi havo nishoniga qarshi ishladi», deb yozdi u. Taburetsning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan so‘ng olti kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan, biroq qurbonlar yo‘q. 

Ayni vaqtda, Ukrainaning Liga.net internet-nashri o‘z muxbiriga tayanib, 25 aprelga o‘tar kechasi Cherkask viloyatining Smela shahrida portlash ovozlari eshitilganini xabar qildi. Taxminan soat 5:30 da Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Telegram’da Cherkask va Kiyev viloyatlaridagi raketa xavfi haqida xabar berdi. Ikki daqiqadan so‘ng Cherkask yo‘nalishidagi «tezkor nishon» haqida xabar e’lon qilindi. 

Shu kuni kechqurun Ukraina Havo kuchlari Poltava va Sumi viloyatlarida raketa tahdidi va Mirgorod yo‘nalishidagi «tezkor nishon» haqida xabar bergan edi. Soat 5:44 da trevoga bekor qilindi. 

Dnipropetrovsk VHB rahbari Sergey Lisak ham Telegram-kanalida Rossiya Qurolli kuchlarining mintaqaga tungi hujumi haqida xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Nikopolning o‘zi, Marganets va Krasnogrigorevsk yo‘nalishida artilleriya o‘t ochgan». Havo hujumi natijasida gaz quvurida yong‘in yuzaga kelgan, shuningdek, ikkita xususiy uy, issiqxona, yodgorlik, elektr uzatish liniyalari va ko‘chalarni yoritish ustuni ham zarar ko‘rgan. Sinelnikovo shahri yaqinidagi xususiy uy ham zarar ko‘rgan, dedi Lisak. Dnipropetrovsk viloyatida qurbonlar qayd etilmagan. 

Mavzuga oid