Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivka boy berilganidan keyingi ikki oy ichida baribir navbatdagi barqaror mudofaa chizig‘ini tashkil eta olmadi. Rossiya qo‘shini bir necha kun ichida Ukraina qurolli kuchlari uchun eng xavfli hisoblangan uchastkada yetti kilometr masofada oldinga siljidi va deyarli hech qanday qarshiliksiz Ocheretino posyolkasini egalladi. Ukrain qo‘mondonligi endi Avdiyivka shimolidagi mudofaa ikki qismga ajratib tashlangan vaziyatga tushib qoldi, bu inqirozli uchastkaga tashlash uchun esa oldingi janglarda hoydan toygan birgina 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi bor. Endi Donetsk oblastining janubi va g‘arbidagi Ukraina nazoratida qolgan butun hududlar xavf ostida qolmoqda.

Avdiyivka fronti

  • 2022 yilda tuzilgan 47-brigada g‘arb qurollari bilan ta’minlangan — jumladan Leopard-2 tanklari va Bradley jangova piyodalar mashinalari bilan — uning bo‘linmalari ilk bor 2023 yil iyunida Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘ida jangga kirgan. O‘shanda bo‘linmalar katta qurbonliklar bergan, ammo baribir Rossiya mudofaasini yorib o‘tolmagandi.
  • 2023 yil oktyabrida brigada shoshilinch tarzda, Rossiya qo‘shini kutilmaganda yorib kirishi ortidan Avdiyivka frontining shimoliy qanotiga olib o‘tiladi. Bu yerda 47-brigada yana yo‘qotishlarga uchradi; shu bilan birga, u RF qurolli kuchlarining yurishini Avdiyivka koks kimyo zavodi hamda Stepove qishlog‘i hududida to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo fevral oyida Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkani ham, zavodni ham va Stepoveni ham tark etib, Durnaya daryosi bo‘yidagi Berdichi va Semenovka qishloqlariga chekindi.
  • Nihoyat, aprel oyida Rossiya qo‘shini 47-brigadaning Berdichidagi mudofaasini shimoldan aylanib o‘tdi. Zarba Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘li bo‘ylab berildi. RF qurolli kuchlari yo‘l-yo‘lakay Ocheretino posyolkasini egallashdi. U Ukraina qurolli kuchlari yangi mudofaa liniyasini qurishga harakat qilgan Durnaya va Volchya daryolari vodiysidan tepalikda joylashgan.
  • Shundan keyin 47-brigadaga tegishli Bradley mashinalarini RF qurolli kuchlari yorib o‘tgan joydan shimolda, Novokalinovo qishlog‘i hududida ham, janubda, Rossiya qo‘shini egallab olgan Solovevo qishlog‘i chekkalarida ham uchratishgan.
  • Ocheretinoning o‘zida oxiriga qadar 115-mexanizatsiyalashgan brigada mudofaalandi. Ammo, ukrain manbalari qayd etishicha, brigada noma’lum sababga ko‘ra, Rossiya tanklari hujum boshlashi arafasida posyolkani tark etgan. Brigada qo‘mondonligi bunda aybni o‘zidan soqit qilmoqda.
  • Ocheretino qulagach, ukrainlarning mazkur hududdagi mudofaasida katta teshik yuzaga kelgan: endi yagona mudofaa chizig‘i yo‘q, Ukraina qurolli kuchlarining oldindagi tayanch punktlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa uzilgan.