Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Kiperning xabar berishicha, zarba «odessaliklar va shahar mehmonlari orasida mashhur bo‘lgan, bolalar va itlar bilan sayr qilinib, sport bilan shug‘ullaniladigan lokatsiyalardan biriga» ballistik raketa orqali yo‘llangan.
Kiperning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlarning 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ular orasida ikki nafar bola hamda bir homilador ayol ham bor. «Besh yoshga ham to‘lmagan qizcha o‘ta og‘ir ahvolda. Katta yoshlilardan yana olti nafari jonlantirish bo‘limida. Shifokorlarimiz barcha imkon doirasidagi va imkonsiz ishlarni ham qilmoqda», — degan oblast rahbari.
Ukrainadagi ijtimoiy tarmoqlarda dengiz yaqinida, plyajga olib boruvchi yo‘lda qonga belanib yotgan jasadlarning fotosuratlari tarqalgan. O‘qqa tutish oqibatida bir it ham nobud bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jonivorning egasi bo‘lgan ayol jasad ustida yig‘layotgani aks etgan videoni tarqatgan.
«Odessa… Odamlar dengiz atrofida sayr qilishayotgandi, ular esa o‘qqa tutishdi va o‘ldirishdi. Ular aytishadiki… go‘yoki bolalarni, odamlarni o‘ldirish orqali o‘zlarini himoya qilishmoqda», — deya yozgan Odessa meri Gennadiy Truxanov.

Kiperning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda kassetali o‘q-doriga ega raketadan foydalanilgan. «Bunday o‘q-dorilar jonli kuchlarga ko‘proq zarar yetkazish uchun qo‘llanadi va birinchi navbatda texnikalar va qurilmalarga emas, odamlarga tahdid soladi», — deyiladi oblast ma’muriyati rahbari xabarida. Ukraina Janub mudofaa kuchlari rasmiysi Dmitro Pletenchuk ham hujumda kassetali o‘q-doriga ega «Iskander-M» raketasidan foydalanilganini ta’kidlagan.
Rossiyalik harbiylar Odessa bo‘ylab zarba yuzasidan izoh bermagan, RF mudofaa vazirligining kechqurungi hisobotida ham ushbu zarba haqida tilga olinmagan.
Zarbadan oldin Ukraina janubida havo trevogasi e’lon qilingan, harbiylar ballistik raketa qo‘llanishi xavfidan ogohlantirishgan.
«Kivalovning qal’asi» shikastlangan
Zarba oqibatida Odessadagi eng taniqli binolardan biri — mahalliy aholi «Harri Potter qal’asi» yoki «Kivalov qal’asi» deb ataydigan bino shikastlangan. Bu yerda Odessa yuridik akademiyasi binolaridan biri joylashgan, ukrain nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Kivalovning o‘zi ham bu yerda yashab turgan — u ushbu o‘quv muassasi prezidenti hisoblanadi.




















