Jahon | 09:31 / 01.05.2024
2874
2 daqiqa o‘qiladi

Islandiya Ukrainani 2028 yilgacha qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oldi

Islandiya parlamenti Ukrainani to‘rt yil muddatga qo‘llab-quvvatlash rezolyutsiyasiga ovoz berdi. Kiyevga yordam mamlakat budjetiga kiritiladi.

Foto: APA Images

Islandiya parlamenti Ukrainani 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri tomonidan taklif etilgan hujjat 29 aprel kuni mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi, deb xabar berdi Islandiya hukumati matbuot xizmati.

Islandiya tashqi ishlar vaziri Tordis Gilfadottir bu qarorni olqishlab, Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlash Islandiya va Yevropa oldida turgan eng muhim xavfsizlik masalasi ekanini ta’kidladi.

«Bizning xavfsizligimiz va turmush darajamiz asos qilib olingan xalqaro huquq tizimi Rossiyaning Ukrainaga shafqatsizlarcha hujumi tufayli tahdid ostida», dedi u. Gilfadottirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat budjetidagi ushbu rezolyutsiya asosida «Ukrainani maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam poydevor yaratilgan». 

Kiyevga uzoq muddatli yordam Ukrainada mustaqillik, suverenitet, chegaralar, fuqarolar xavfsizligi, gumanitar yordam va qayta qurish ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi, deyiladi press-relizda.

Zelenskiy: Islandiya - ishonchli do‘st, hamkor va ittifoqchi 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Islandiya hukumatiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi. «Islandiya Ukrainaning ishonchli do‘sti, hamkori va ittifoqchisidir, biz Islandiyaning Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatgan qudratli va keng qamrovli siyosiy hamda moliyaviy yordamini yuksak qadrlaymiz», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Mart oyi oxirida Islandiya hukumati Chexiya tashabbusi doirasida Ukraina uchun o‘q-dorilar xarid qilishga 2 million yevroga yaqin mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid