Moldova prezidenti Mayya Sandu rossiyalik jurnalist Yuriy Dudga ikki soatlik intervyu berdi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u «vDud» yutub-shousi tarixida ilk bor davlat rahbari bilan muloqot qildi. Bu son Kishinyovda yozib olingan. Sandu Dud bilan rus tilida muloqot qilgan. Prezident Moldova qanday qilib korrupsiyaning oldini olish va Yevroittifoqqa kirishga urinayotgani, mamlakat nima uchun qashshoqligicha qolayotgani va nima uchun bu yerda o‘nlab nashrlar bloklangani haqida gapirdi. Shuningdek, Sandu Vladimir Putin va u Ukrainada boshlagan urush to‘g‘risidagi fikrlari bilan bo‘lishib, Rossiya hujum qilgan taqdirda Moldova o‘zini qanchalik himoya qila olishi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytargan. Quyida intervyuning asosiy joylari keltiriladi.
Moldovaliklar Rossiya va Ukraina urushida kimni qo‘llaydi?
Butun jamiyatimiz ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatdi. Men sizlarga eslatishni istardimki, bir million ukrainalik qochqinlar Moldova orqali o‘tishdi. Bu 2,6 millionlik [aholiga ega] mamlakat uchun juda ko‘p. Ayrimlar bir necha kun qolishdi, ayrimlar bir necha hafta yoki bir necha oy. Hozirda bizda 100 ming atrofida ukrain qochqinlari bor. Men aytishmni istardimki, hech qanday savol bo‘lmadi, aksincha, odamlar o‘z qalbi va uylarini ochib berdi, chunki davlat buncha ko‘p odamga yordam bera olmasdi. Shunchaki bizda bunday imkoniyat yo‘q edi, garchi urushning ilk oylarida hukumatning bir qismi faqat ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatish ustida ishlagan bo‘lsa ham.
Ammo bizga kirib kelgan qochqinlarni tanimagan oddiy odamlar ularni o‘z uylarida yashashga taklif etishdi. Va sizga aytishni istardimki, mutlaqo butun jamiyat ukrain qochqinlariga yordam ko‘rsatishda ishtirok etdi. Shunday ekan, bu savolga hojat yo‘q. Bu borada mamlakatimiz yakdil.
Moldovaliklar — tinch odamlar va odamlarning mutlaq ko‘pchiligi urushga qarshi. Ha, siz Kreml propagandasiga ishonadigan odamlar ham topilishini aytishingiz mumkin, ammo Moldova — tinch mamlakat, moldavanlar tinchlik istashadi, ular urush istamaydi va bu bizga mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni saqlashga yordam beradi.
Agar Rossiya bostirib kirsa, Moldova himoyalanadimi?
Bu ro‘y bermasligi uchun barcha ishni qilamiz, jumladan yevrointegratsiya bo‘yicha rejamiz bor. Bu, birinchidan, xavfsizlikni ta’minlash rejasi, chunki Yevropa ittifoqi — tinchlik loyihasi. Ammo Konstitutsiya bo‘yicha tinchlikni saqlash va fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun biz barcha ishni amalga oshirishimiz kerak, chunki bizda armiya bor, mudofaa sektori bor, shuning uchun bu sohalarga investitsiyalar kiritamiz. Ammo biz juda umid qilamizki, bu urush tezda tugaydi va biz o‘z investitsiyalarimizni iqtisodiyotga va boshqa sohalarga yo‘naltira olamiz, mudofaaga yanada ko‘proq investitsiya kiritish zarur bo‘lgan vaziyatga tushib qolmaymiz. Biz albatta o‘z mamlakatimizni himoya qilamiz.















