O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlariga minimal eksport narxlari joriy etilyapti. Eksportchilar belgilangan minimal eksport narxlaridan past narxda eksport qilsa, jazolanadi. Bu norma 11 may kuni qabul qilingan hukumat qarorida nazarda tutilgan.

Minimal eksport narxlari joriy etiladigan to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari ro‘yxati Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi bu qoidaga amal qilmagan tadbirkorlar haqida 24 soat ichida Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini xabardor qiladi, ular esa qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rishi shart.

Ayni paytda Kun.uz suhbatlashgan iqtisodchilar va Yevropa bozorlariga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qiladigan tadbirkor narxlarni sun’iy tartibga solish yomon oqibatlarga olib kelishidan xavotirlanmoqda.

“O‘rta va kichik tadbirkorlarning zarariga ishlaydi” — Nargiza Muxtorova, eksportchi tadbirkor

— Narx belgilashda davlatning aralashuvi noto‘g‘ri, chunki bu erkin bozor. Men eksport qiladigan davlatlarda bunaqa narsa ko‘rmaganman. 7 yildan ziyod Turkiyadan eksport qilganman, Bangladeshda ishlaganman, lekin O‘zbekistonda 2 yildan beri eksport bilan shug‘ullanaman. Bunaqa narsa chiqishi ertaga narxlar e’lon qilinganidan keyin qanchalik ta’sir qilishini aytishimiz mumkin. Bu katta fabrikalardan chiqqan taklif bo‘lishi mumkin, lekin o‘rta va kichik tadbirkorlarning zarariga ishlaydi. Erkin bozor, erkin iqtisodiy muhit bo‘lsa, raqobat bo‘lishi tabiiy, davlat tomonidan kontrol qilinishi kerak emas. Tannarx 2 dollarga chiqsa, uni hech kim 1 dollarga sotmaydi-ku. Lekin davlat buni 3 dollarga sotasan, 2 dollarga emas, deb davlat aralashsa, biznes mijoz bazasini yo‘qotishiga olib keladi. Xorijlik hamkorlar bizning bozorni juda yaxshi bilishadi, qaysidir bozordan tovar olishdan oldin bozorni yaxshilab o‘rganishadi. Agar har bitta tovar bo‘yicha minimal narxlar e’lon qilinsa, ularning bizga qiziqishi kamayadi. Katta fabrikalar oyoqda qoladi, o‘rta korxonalarga qiyin bo‘ladi. Chunki hozir hamma klasterlar bo‘lib ketgan, hamma o‘z narxini o‘zi belgilaydigan tendensiya ketyapti.

Davlat o‘z manfaatini himoya qilib, foyda solig‘ini o‘ylab bu tartibni ishlab chiqayotgan bo‘lishi mumkin, buni to‘g‘ri tushunaman. O‘zi ikki xil eksportyor bor, bittasi faqat mijozning brendi uchun ishlab beradi. Masalan, qaysidir davlatdan buyurtma keladi, buyurtmani tikib berib jo‘natadi, ya’ni eksport qiladi. Ikkinchisi, juda kam O‘zbekistonda, o‘zining tovarini o‘z nomi bilan chetda sotadi. Bu ularga ta’sir qiladi. O‘zimning ham Germaniyada firmam bor, o‘zimga o‘zim eksport qilgan paytlarim bo‘ladi. O‘sha paytda narxni o‘zim belgilayman, zararimga belgilamayman-ku. Germaniyada foyda solig‘i 40 foiz. Bu narsalar o‘ylanadi.