Jamiyat | 18:44 / 27.05.2024
10123
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “Bahodir Yalangto‘sh” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi

Samarqandda “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi. Filmning Toshkentdagi namoyishi 30 may kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqida Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

25 may kuni Samarqandda atoqli sarkarda, Registon bunyodkori Amir Bahodir Yalangto‘shga bag‘ishlangan “Bahodir Yalangto‘sh” tarixiy-badiiy filmining ilk katta premerasi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi mutasaddilari, film ijodkorlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

“Filmlarda, xususan, tarixiy filmlarda ham asosan salbiy obrazlarni ijro etganman. Chunki har qanday filmda salbiy qahramon dinamikani belgilab beradi, shu bilan birga, salbiy obraz aktyordan alohida mas’uliyat, mashaqqat talab qiladi.Tomoshabinning diqqat-markazida turadi. Abdurahmon devonbegi obrazi ham shular qatoriga kiradi. Shu o‘rinda, bu kabi filmlarni qo‘llab-quvvatlayotgan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligiga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildirmoqchiman”,— deya fikr bildirdi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov.

Madaniyat vazirligi axborot xizmati rahbari Jamshid Niyozovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, film ilk namoyishida qariyb 3,5 mingdan ortiq tomoshabinlar ishtirok etishgan: “Mazkur film rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan 3 yil davomida suratga olingan va bu jarayonlarda katta jamoa ishlagan. Ilk namoyishdayoq 3,5 mingdan ortiq tomoshabinlar 2 soat davomida qiziqish bilan tomosha qilishgani mashaqqatlar bekor ketmaganini ifodalaydi.

30 may payshanba kuni poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Bahodir Yalangto‘sh” filmining katta premerasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan” dedi u.

Mavzuga oid