Yevropa 2024 yil martigacha bir million artilleriya snaryadlarini yetkazib berish haqidagi va’dasini bajara olmaganining sabablaridan biri portlovchi moddalar yetishmasligidir. Bu haqda 26 may, yakshanba kuni The Economist jurnali yozdi.
Nashrning eslatishicha, mart oyi o‘rtalarida Yevropa Ittifoqi o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun 500 million yevro ajratishga rozi bo‘lgan. Biroq, ishlab chiqaruvchilar sanoatning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilishning qat’iy qoidalari ishlab chiqarishning keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymasligidan xavotirda.
Sovuq urush tugaganidan keyin talabning pasayishi
Sovuq urush tugaganidan so‘ng, qurolga bo‘lgan talab pasayib ketdi va ko‘plab portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchilari ishlab chiqarishni qisqartirishga yoki hatto butunlay to‘xtatishga majbur bo‘lishdi, deya tushuntiradi jurnalistlar.
Nashrning yozishicha, bugungi kunda Yevropada faqat bir nechta kompaniyalar NATO standartlariga javob beradigan yuqori energiyali materiallar ishlab chiqaradi. Ulardan biri Norvegiyaning Sayetr shahrida ulkan zavodga ega Britaniyaning Chemring Nobel kompaniyasidir. Ikkinchisi, Shvetsiyaning Karlskog shahrida yirik zavodni boshqaradigan Fransiyaning Eurenco kompaniyasi. «Har ikki kompaniyaning buyurtmalar portfeli oshdi. Eurenco’da u 2030 yilgacha to‘lgan. Sayetrdagi Chemring zavodi ham to‘liq quvvat bilan ishlamoqda», - deydi nashr.
Harbiy zavodlarni qayta jihozlash zarurati
«O‘nlab yillar davomida ishlab chiqarish sanoat miqyosida emas, balki tinchlik davridagi samaradorlik uchun hisoblangan», deb yozadi The Economist Myunxendagi Bundesver universiteti professori Yoxann Xyoxerlga tayanib. «Natijada, ta’minot zanjirida ortib borayotgan talabni qondirish uchun juda kam quvvat qolmoqda».
O‘z navbatida, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti xodimi Tim Lourensonning ta’kidlashicha, qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish zaruratidan kelib chiqib, quvvati kamaygan zavodlarda ishlashni tiklash uchun vaqt kerak bo‘ladi.
Zavodni noldan qurish uch yildan yetti yilgacha davom etishi mumkin, deb yozadi The Economist. Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Vengriyada portlovchi moddalar ishlab chiqarish majmuasini qurmoqda, biroq ishlab chiqarish faqat 2027 yilda boshlanishi kerak, deya eslatadi jurnalistlar.















