27 may kuni, RF prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Jizzaxda atom elektr stansiyasi qurishdagi hamkorlikka oid hukumatlararo bitimga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Shuningdek, “O‘zatom” agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” DUK va “Rosatom” tuzilmasidagi “Atomstroyeksport” AJ injiniring kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzildi.
“O‘zatom” xabariga ko‘ra, imzolangan kelishuvlarga asosan, Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida 330 MW quvvatga ega (har biri 55 MW quvvatli 6 ta reaktordan iborat) AES quriladi.
Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.

“O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayevning aytishicha, O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan talab 2050 yilga borib deyarli 2 barobarga oshishi taxmin qilinyapti.
“Energetika tizimining barqaror ishlashi va iqtisodiyot o‘sishi uchun mamlakatimiz o‘zini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan tashqari, bazaviy energiya manbalari bilan ham ta’minlashi kerak. Butun dunyoda biz yangi yadro quvvatlarini yaratishga – ham yuqori quvvatli atom elektr stansiyalari, ham kichik modulli reaktorlar loyihalariga qiziqish ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. “Rosatom” bilan hamkorlikni kengaytirish esa energetika kompleksimizni atom energetikasi sohasidagi ilg‘or texnologiyalar bilan mustahkamlash imkonini beradi, deb hisoblaymiz”, – dedi Ahmadxo‘jayev.
“Rosatom” direktori Aleksey Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, uning rahbarligidagi korporatsiya kam quvvatli AES loyihasini qurish bo‘yicha ekport shartnomasini tuzgan jahondagi birinchi kompaniya bo‘lgan.
“Va bu shunchaki dastlabki kelishuv emas, biz zudlik bilan shu yozda qurilishni boshlaymiz”, – dedi Lixachev.
Rasmiy xabarda aytilishicha, AES uchun tanlangan maydonda tekshiruv ishlari o‘tkazib bo‘lingan, joyning maqsadga muvofiqligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu esa loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli qisqartiradi.
“Tanlangan maydonda qurilish ishlari joriy yilning yozidayoq boshlanadi”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.

















