Kun.uz Kanadaning Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchisi Alan Hemson bilan suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, ta’lim, mintaqa xavfsizligiga oid kelishuvlar, Kanadaga mehnat migratsiyasi, viza olishdagi muammolar, O‘zbekistonda Kanada elchixonasi, konsulligi yoki viza markazini ochish bilan bog‘liq rejalar kelajagi muhokama qilindi. 

— Janob elchi, sizni bu yerda ko‘rib turganimizdan mamnunmiz, vaqt topib kelganingiz uchun rahmat. Siz Kanadaning Markaziy Osiyodagi besh davlatiga elchilik qilasiz. Aytingchi, bir vaqtning o‘zida shunday katta hududdagi bir necha davlatga elchi bo‘lish qiyinchilik tug‘dirmaydimi? 

— To‘g‘ri aytasiz. Biz Qozog‘istonning Ostona shahridagi elchixonadan turib Markaziy Osiyoning besh davlati bilan aloqalarni rivojlantirishga mas’ulmiz. Buning albatta o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, shuning uchun doim shoshib yuramiz. Mintaqa tez sur’atlarda o‘zgarib, o‘sib, rivojlanib boryapti. Bizning jamoa tirishqoq bo‘lishiga qaramay ancha kichik. Shu sabab ko‘pincha turli masalalarni hal etishda biroz kechikishlar bo‘lishi mumkin. Ming afsuski, bir vaqtning o‘zida ikkita joyda bo‘la olmaymiz. Lekin muhim tadbirlarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilamiz. Masalan, yaqinda O‘zbekistonda «Katta yettilik» davlatlari elchilari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va men ham unda qatnashish uchun bu yerga yetib keldim. 

Agar bir joydan boshqa joyga ko‘z ochib yumguncha yetib olish qobiliyatim bo‘lganda yoki menga zarur paytda shay turadigan vertolyot taqdim etilganda ishlarim ancha oson kechardi, albatta. Lekin nima ham derdim, ish tartibimiz shunday. 

— O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p davlati bo‘lishiga qaramay, Kanadaning bu yerda elchixonasi yo‘q. Buning biror muayyan sababi bormi? 

— Bu yerda elchixona ochishimizga to‘sqinlik qiladigan hech qanday sabab yo‘q aslida. Agar imkoni bo‘lsa mintaqaning besh davlatida elchixona ochgan bo‘lardik. Chunki ularning barchasi bilan aloqalarimiz yaxshi va biz bundan mamnunmiz. 

Aytganingizdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p davlat va mamlakatingizning iqtisodi jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Shunday ekan, biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz, albatta. Kanadaning O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalari oldin Moskvadagi elchixona orqali amalga oshirilgan, shu yildan bu jarayon Ostonaga ko‘chirildi. Shuning o‘zi ham katta yutuq, menimcha. Chunki masofa jihatidan ancha yaqinlashdik.