Jahon | 16:40 / 08.06.2024
8003
3 daqiqa o‘qiladi

Samsung Electronics xodimlari kompaniya tarixida birinchi marta ish tashlash e’lon qildi

Xodimlar kompaniya rahbarlaridan ish haqini oshirishni talab qilgan. Ish tashlashni uyushtirgan kasaba uyushmasi va kompaniya rahbarlari muzokaralarga tayyorligini bildirgan.

Foto: REUTERS/Kim Soo-heon

Janubiy Koreyaning Samsung Electronics xodimlari kompaniyaning 55 yillik tarixida birinchi marta ish tashlash o‘tkazgan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yil 7 iyun kuni Janubiy Koreyaning eng yirik ish beruvchilardan biri bo‘lgan Samsung Electronics kasaba uyushmasi ish tashlash uyushtirgan. Xodimlar ish haqini oshirishni talab qilib chiqqani aytilmoqda.

7 iyun kuni ko‘plab ishchi-xodimlar Seuldagi Samsung ofisi oldiga yig‘ilgan. Ish tashlashni 28 mingga yaqin a’zosi bo‘lgan Samsung Electronics milliy ittifoqi (NSEU) tashkil qilgan. Ish tashlashda qancha xodim qatnashgani aniq emas.

Bu ittifoq tarkibiga kompaniyada ishlovchi barcha xodimlarning beshdan biri a’zo bo‘lib kirgan. Xodimlar ish haftasini bir kun oldin tugatgan va ish haqini oshirish va yillik ta’tilga qo‘shimcha kun berishni talab qilib chiqqan.

Samsung Electronics vakillari xodimlarning ish tashlashi kompaniyaning ishlab chiqarish va biznes faoliyatiga ta’sir qilmaganini ma’lum qilgan.

REUTERS/Kim Hong-Ji

Tahlilchilarning Reutersʼga aytishicha, ish tashlash DRAM yoki NAND kabi xotira fleshkalari va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish, ularni yetkazib berish jarayoniga jiddiy ta’sir qilmaydi. Chunki ularni ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi haftalarda Seuldagi ofis, shuningdek, poytaxt janubidagi Xvasondagi chip ishlab chiqaruvchi zavod oldida ishchilarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

So‘nggi yillarda Samsung Electronics kompaniyasi bir nechta sinovlarni boshidan o‘tkazdi. Pandemiya paytida kompyuter chiplarini ishlab chiqarish qisqarib, ularning tanqisligi kompaniya faoliyatiga aks ta’sir ko‘rsatdi.

Shuningdek, 2023 yilda chiplarga talab pasayib ketdi. Ana shunday murakkab vaziyatdan kompaniya sun’iy intellektning rivojlanishi tufayli chiqib keta oldi.

Ma’lumot uchun, Samsung Electronics xotira fleshkalari, turli chiplar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yuqorida aytilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishda unga asosan Tayvan kompaniyalari raqobatlashadi.

Mavzuga oid