Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘zining navbatdagi sharhida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida oy davomida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Umuman olganda, oyning oxirida ko‘chmas mulk bozorining tahlili qisqa muddatda ijobiy dinamikani ko‘rsatadi. May oyida 21,6 mingta uy-joy sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga yuqori.

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy bozoridagi faollik 15,2 foizga kamaydi. Ikki oylik o‘sishga qaramay, joriy faollik darajasi hali ham bir yil oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda, bu esa talabni cheklovchi doimiy omillarni ko‘rsatmoqda.

Hududiy ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy savdosining eng katta o‘sishi Samarqand viloyatida – qariyb 21 foizga, Andijon va Namangan viloyatlarida mos ravishda 19,3 va 15 foizga kuzatilgan.

May oyida uy-joy ijara bozori aprel oyidagi pasayishga nisbatan mo‘’tadillashdi. Aprel oyi bilan taqqoslaganda poytaxtning aksariyat tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilmadi, o‘sish atigi 1,2 foizni ko‘rsatdi. Toshkentda uy-joy ijara narxi bir kvadrat metri uchun 8,4 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda, ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metri uchun o‘rtacha 10,5 dollarni ko‘rsatmoqda.

Boshqa tumanlarga nisbatan arzon uy-joy ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan poytaxt ijara bozori 6,7 foizga qisqargan.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari may oyida 1,3 foizga, yillik hisobda esa 10,3 foizga oshdi, bu inflatsiya ko‘rsatkichlariga yaqinroq.

O‘tgan oyda mamlakatda ikkilamchi uy-joylar narxlari dinamikasi o‘rtacha o‘sish bilan tavsiflanadi. May oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha narxlar o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda narxlarning sezilarli darajada - 10,3 foizga o‘sishi kuzatilmoqda, bu esa iqtisodiyotdagi umumiy inflatsiya darajasiga yaqinlashmoqda.

Oylik dinamikaning bir oz yumshashiga qaramay, ikkilamchi uy-joy narxlarining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasi davom etmoqda.